Vatanparvarlik o‘lka tarixini o‘rganishdan boshlanadi.
Yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashda tariximizning bebaho durdonalari, buyuk ajdodlardan qolgan o‘lmas merosimizni o‘rganish muhim ahamiyatga egadir. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3514-sonli qaroriga asosan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida mamlakatimiz bo‘ylab ichki turizmni rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror ijrosi yuzasidan Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi rahbariyati va Kasaba uyushmasi hamkorlikda xodimlarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi bilan yaqindan tanishtirish, ularni madaniy va ma’naviy dam olishlarini tashkil etish maqsadida 2018 yil 21 aprel kuni ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga sayohat uyushtirdilar. Sayohatda markazning 54 nafar xodimlari ishtirok etdilar.
Qadimiy Samarqandga tashrif buyurgan xodimlar shaharning diqqatga sazovar joylaridan Imom Al-Buxoriy majmuasi, Xoja Doniyor maqbarasi, Mirzo Ulugbek rasadxonasi, Bibixonim maqbarasi hamda mahobatli Registon maydoni va unda qad rostlagan uchta madrasani tomosha qildilar. Shu bilan birga mazkur qadimiy obidalar, ziyoratgohlarning qurilishi bilan bog‘liq voqea-xodisalar va ajdodlarimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, sayohat davomida markaz xodimlari Birinchi prezidentimiz Islom Karimov qabrlarini ham ziyorat qildilar.
Bu kabi tadbirlar natijasida xodimlar, asosan yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik, ajdodlarga munosib voris bo‘lishlari xamda O‘zbekiston fuqarosi ekanligidan faxrlanish tuyg‘ulari shakllantiriladi.