Ma’lumki, mamlakatimiz aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarimizni arzon va sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan yanada to‘ldirish, xalqimizning ehtiyojidan oshiqcha mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilish ko‘lamini kengaytirish, shu orqali qishloq mehnatkashlarining daromadini oshirish, yurtdoshlarimizning turmush farovonligini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.
Germaniya halqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ish rejasiga asosan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston qishloq xududlarining barqaror rivojlantirish loyihasiga muvofiq Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Ko‘kyor qishlog‘ida ho‘l meva mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida 2018 yil 23-24 may kunlari Seminar trening tadbiri o‘tkazildi.
Seminarda Germaniya halqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) mutaxassislari Patrik Breydi (AQSh), Namangan viloyati “Agrokimyoximoya” AJ xududiy bo‘limi mutaxassislari, Namangan SSM DK mutaxassislari va meva mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdilar.
Seminar-trening doirasida fermer xo‘jaliklari vakillariga O‘zbekistonning ho‘l va qayta ishlangan meva va sabzavotlari bo‘yicha eksport salohiyati, mahsulotlarga tegishli halqaro standartlar va tashqi bozor talablari xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Meva mahsulotlarini yetishtirishdagi zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha jahon tajribasi seminar ishtirokchilarga misollar yordamida bevosita joylarda batafsil yoritib berildi. Seminar-trening davomida fermer xo‘jaliklari vakillari mevalarni yetishtirishdagi har bir jarayonni nazorat qilib borishni zamonaviy usullarini o‘rgandilar, mevalarning sifati va xavfsizligiga importyor davlatlarda qo‘yiladigan talablarni hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldilar.