Mustaqillik yillarida, ayniqsa keyingi ikki yil ichida yurtimiz hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar va islohotlarning ko‘lami shu qadar keng quloch yozdiki, uni ta’riflashga so‘z ojiz. Eng asosiysi xalqimizning turmush sharoitlarini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda jahon bozorlarida munosib o‘rin egallaydigan raqobatbardosh mahsulotlarni yetishtirishning ilg‘or tizimlari yaratildi.

Respublikamizning barcha sohalari qatori standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida ham bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.

Buning natijasida yurtimizda xalqaro standartlarni qabul qilish,ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksportbob va raqobatbardoshligi ham ta’minlanishga erishilmoqda. Shuning bilan bir qatorda respublikamizda yagona o‘lchovlar birligini ta’minlash va bu sohada dunyoning rivojlangan metrologik tashkilotlari bilan do‘stona munosabatlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Albatta bularning barchasi sohada mehnat qilayotgan xodimlarning malaka hamda mahoratlari bilan bevosita bog‘liq.

Mustaqillik bayramining 27-yilligi munosabati bilan “O’zstandart” agentligida tashkil etilgan bayram dasturida 106 nafar xodimlar qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Bayram tadbirini “O’zstandart” agentligi Bosh direktori D.Sattarov kirish so‘zi bilan ochib, istiqlol bergan imkoniyatlar, xalqimizning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni hamda shunday baxli va osoyishta kunlarni qadriga yetish, o‘z ishiga zamonaviy yondoshish har bir insonning muqaddas burchi ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng bayramning asosiy qismi boshlanib,unda “Eng yaxshi markaziy apparat xodimi”, “Eng yaxshi standartlashtirish xodimi”, “Eng yaxshi sertifikatlashtirish xodimi”, “Eng yaxshi sinov laboratoriyasi xodimi, “Eng yaxshi metrolog” va “Eng yaxshi     faxriy xodim” nominatsiyalarga loyiq deb topilganlarga  sovg‘alar topshirildi.

Bayram bayramga ulanib ketdi. Shundan so‘ng bu yil maktablarning birinchi sinfiga chiqayotgan xodimlarning 65-nafar farzandlariga ham maktab sovg‘alari topshirildi.

“O’zstandart” agentligida tashkil etilgan ma’rifiy bayram tadbirlari bolajonlarning sho‘x-shodon badiiy chiqishlari bilan davom ettirildi.

Axborot xizmati