Xalqaro sifatni boshqarish tizimlari tadbirkorlar yutug‘ining kafolati!

Bugungi kunda respublikamiz korxonalarida xalqaro standartlar talablari asosida sifatni boshqarish tizimlarini joriy qilish va sertifikatlashtirish eng dolzarb masalalardan biridir. Korxonalarda xalqaro standart talablariga muvofiq sifat tizimlarining joriy etilishi raqobat muxitida korxonalar yutug‘ining kafolati xisoblanadi va korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga va iste’molchilarni sifatli va ekologik xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shuning uchun ushbu soha bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari sonini 27 ta yetkazilib, shundan 8 ta sertifikatlashtirish idoralarini xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Qo‘shimcha ravishda Agentlik tizimidagi 2 ta hududiy markazlar (Andijon va Samarqand) qoshidagi sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari xalqaro darajada akkreditatsiyaga tayyorlanmoqda.

Respublikada 17155 ta ishlab chiqaruvchi korxonalarmavjud bo‘lib, shundan 4 181 tasi sertifikatlashtirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 19 oktyabrdagi «2020 yilgacha bo‘lgan davrda Sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida» 298-sonli qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining Komplekslari kesimida 2016 yilda rejalashtirilgan 136 ta korxonalar to‘liq xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlashtirildi.

Bundan tashqari Xukumat qarorini Respublika xududlari kesimida ijrosi yuzasidan 2016 yilda rejalashtirilgan jami 649 ta korxonalarning barchasiga sifat tizimlari joriy etildi va sertifikatlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi «Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4720-son farmonini ijrosi bo‘yicha 2016 yilda rejalashtirilgan 118 ta aksiyadorlik jamiyatlarining barchasida sifat tizimlari joriy etilib, sertifikatlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 5 maydagi «2015-2019 yillar uchun iqtisodiyot va ijtimoiy tarmoq sohalarida energiya hajmini qisqartirish, energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2343-son qarori ijrosi yuzasidan joriy yil uchun rejalashtirilgan 11 ta korxonalarda xalqaro ISO 50001 standartiga asosan energiya menejmenti tizimlari joriy etildi.