Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, energetika, neft-gaz, bojxona, transport va transport kommunikatsiyalari, temir yo‘l, aviatashuv, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik va idoralari rahbar va vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, komissiya hamraisi Ochilboy Ramatov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo, iqtisodiyot, transport va energetika sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar huquqiy asos bo‘layotganini alohida ta’kidladi. 

Mamlakatimizdan Qozog‘istonga elektr energiyasi, meva-sabzavotlar, neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va boshqa qator mahsulotlar eksport qilinmoqda. O‘zbekistonda qozog‘istonlik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan korxonalar savdo, xizmat ko‘rsatish, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda ish yuritmoqda. 

Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, komissiya hamraisi Asqar Mamin iqtisodiyotning turli sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki mamlakatda ham foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p ekanini ta’kidladi. 

– O‘zbekiston Qozog‘istonning eng muhim hamkorlaridan biri, – dedi Qozog‘iston Respublikasi Investitsiya va rivojlanish vazirligining turizm departamenti direktori Marat Igaliyev. – Mamlakatlarimiz o‘rtasida boshqa sohalar qatori turizm aloqalarini rivojlantirish, ayniqsa, O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlariga sayyohlar oqimini kuchaytirishdagi o‘zaro hamkorlikdan manfaatdormiz. Mazkur komissiya majlisi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama etish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. 

Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar samaralari, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlar, yurtimizning eksport salohiyati, industrial zonalardagi imkoniyatlar bilan tanishtirildi. O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish lozimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. 

– 2016 yili "O‘zagroeksport" aksiyadorlik jamiyati qozog‘istonlik hamkorlar bilan Ostona shahrida "Markaziy Osiyo savdo uyi"ni tashkil etdi, – dedi Savdo uyi bosh direktori Alisher Mahmudov. – Savdo uyi ulgurji va chakana savdo faoliyatida xizmat ko‘rsatish, yetkazib berishni tashkil qilish, bojxona xizmatlari, iste’mol tovarlarini sotish va qayta ishlash, marketing siyosatini olib borish va boshqa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bilan shug‘ullanadi. 

Majlisda o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi. Bojxona, neft-gaz, madaniy-gumanitar, atrof-muhit muhofazasi kabi sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, Qozog‘istonga elektr energiyasi, maishiy, qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarini eksport qilish, birgalikda o‘zaro foydali loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Hukumatlararo komissiya majlisida mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir hujjatlar imzolandi. 

Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolari mamlakatimizning qator sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi. 

Manba: O'zA