O‘zbekiston va Rossiya vazirliklari va idoralari hamda yirik kompaniyalari o‘rtasida ikki tomonlama hujjatlarning imzolanishi to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasida mamlakatimizning Moskva shahridagi Elchixonasida 2017-yilning 3-aprel kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Rossiya tomonini iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Oreshkin boshchiligidagi deletsiya namoyon etdi.

Ikki davlat vakolatli vakillari savdo-iqtisodiy va investitsion sohalarda umumiy qiymati 3,5 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 16 ta ikki tomonlama bitim, shartnoma va boshqa hujjatlarni imzoladilar.

Xususan, O‘zbekistondagi Tebinbuloq konining tarkibida vanadiy moddasi bo‘lgan titan-magnit rudalarini qayta ishlash loyihasini po‘lat-litey ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan holda amalga oshirish to‘g‘risidagi memorandum, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Gazprombank” AJ, Rossiya eksport-kredit agentligi o‘rtasida investitsion loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha hadli bitim, tayyor holda topshiriladigan misni boyitish majmuasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim, “Asaka” bank va “Gazprombank” AJ o‘rtasida Toshkent shahrida metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hadli bitim, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ ishlab chiqarish maydonlarida qishloq xo‘jaligi texnikasini hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bitim va boshqa qator ahamiyatli hujjatlar imzolandi.

Shuningdek, Rossiyaga yangi va qayta ishlangan meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 612 million dollarga teng shartnomalar, O‘zbekistonga Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha memorandum hamda ekskavator texnikasini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim ham imzolandi.

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Rossiya muzokaralari yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha qator hujjatlar Kremlda imzolanishi kutilmoqda.

Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi