“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori Turk standartlari institutiga tashrif buyurdi

Turk Standartlari institutining Prezidenti – Sebaxitdin Ko‘rkmasning taklifiga ko‘ra, hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish uchun joriy yilning 26-29 aprel kunlari “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A. Xaitovning Turkiya Respublikasiga xizmat safari bo‘lib o‘tdi.

Tashrif davomida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Xaitov Turk standartlari instituti (TSE) Prezidenti - Sebaxitdin Kurkmaz bilan ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, va istiqbollari hamda munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida fikr almashdilar.

Safar davomida Turk standartlari institutining Gebzeda joylashgan sinov laboratoriyalarining infratuzilmasi, ya’ni elektrotexnika, oziq-ovqat, kimyo mahsulotlari, yoqilg‘i-moylash materiallari, energotejamkorlik ko‘rsatkichlari va boshqalar bilan tanishildi.

Shuni alohida ta’kilash joizki, Turk standartlari institutining sinov va o‘lchov laboratoriyalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, sinovlar natijalari butun dunyoda tan olinadi.

Turk standartlari institutining standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarda olib borilgan ishlari, hamda ularning faoliyat sohasi va doirasi to‘g‘risida ko‘rgazmali taqdimot tashkil etildi.

Shuningdek,“O‘zstandart” agentligi bilan Turk standartlari instituti hamkorligida standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohalarida ikki tomonlama hamkorlik qilishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida kelishib olindi.

Muzokaralar natijalariga ko‘ra “O‘zstandart” agentligi va Turk standartlari instituti bilan 2017-2019 yillarda hamkorlik dasturi imzolandi.

Mazkur hamkorlik yordamida “O‘zstandart” agentligi tizimi xodimlarini Turk standartlari institutida malakalarini oshirish, seminar – treninglarni o‘tkazish yuzasidan kelishuvlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, avvaldan kelishuvga asosan, joriy yilning 25-28 aprel kunlari “O‘zstandart” agentligi tizimidagi hududuiy sinov va sertifikatlashtirish markazlarining 15 nafar xodimlari Turk standartlari institutida o‘z malakalarini oshirdilar.

“O‘zstandart” agentligi Matbuot xizmati.