Joriy yilning 19 may kuni “O‘zstandart” agentligining tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Respublikamiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda standartlashtirish va metrologiyaning roli mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur hamkrolikda tashkil etilgan seminar ishini “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A. Xaitov kirish so‘zi bilan ochib, davra suhbatiga tanlangan mavzuning o‘ta dolzarb ekanligi va bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan bamaslahat ish tutish zarurligiga alohida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sipikerining o‘rinbosari B.Alixonov, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi B.Niyozmatov va bir guruh deputatlar, hamda tadbir ishtirokchilari Respublikamizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifatini oshirish va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha strategik maqsad va vazifalarining amalga oshirish mexanizmlari xususida o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirdilar

Sir emas bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishi uchun xususiy tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish va respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish masalasi quyilgan. Bu tadbirlarni samarali amalga oshirish maqsadida ishlab chiqarish korxonalarida xalkaro ISO standartlari talablari asosida sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish bugungi kunning dolzarb masalasiga aylangan.
Shu nuqtai nazardan, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirish, xalqaro standart va texnik reglamentlarni tizimli joriy etish hamda Respublika milliy etalonlar bazasini rivojlantirish orqali mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va Agentlikning strukturasini xalqaro talablarga muvofiq shakllantirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 28 aprelda “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi PQ-2935-sonli qaror qabul qilindi.
Qarorda sohalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish yuzasidan 2017-2020 yillar davomida Agentlik faoliyatini takomillashtirish va ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, ushbu dasturga asosan quyidagi vazifalarni amalga oshirish belgilandi:
- mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlash va savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan 2017-2020 yilga qadar 9158 ta (2017 yilda 2096 ta, 2018 yilda 2216 ta, 2019 yilda 2387 ta va 2020 yilda 2459 ta) korxonalarda menejment tizimlarini joriy etish;
- agentlik tarkibidagi 12 ta markazlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali 10 ta sinov laboratoriyalari (2017 yilda 4 ta - Buxoro markazi “kimyo mahsulotlari”, Surxondaryo markazi “oziq-ovqat mahsulotlari”, Namangan markazi “tekstil mahsulotlari”, Samarqand markazi “avtotransport vositalari”, 2018 yilda 2 ta - Qoraqalpog‘iston markazi “kimyo mahsulotlari”, Andijon markazi “mashinasozlik mahsulotlari”, 2019 yilda 2 ta - Navoiy markazi “elektrotexnika mahsulotlari”, Farg‘ona markazi “kimyo mahsulotlari” va 2020 yilda 2 ta – Chirchiq markazi “fizik-kimyo mahsulotlari”, Xorazm markazi “oziq-ovqat mahsulotlari”), shuningdek 2018 yilda 2 ta - Andijon va Samarqand markazlari menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idoralarida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish; 
- aholiga qulaylik yaratish, ortiqcha ovoragarchilikni oldini olish va ish unumini oshirish maqsadida respublikaning 19 ta tumanlarida, jumladan 2017 yilda 8 ta (Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida, Buxoro viloyati Qorakul tumanida, Jizzax viloyati Paxtakor va Mirzacho‘l tumanlarida, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida, Farg‘ona viloyati Quva tumanida va Xorazm viloyati Xazorasp tumanida), 2018 yilda 3 ta (Buxoro viloyati Peshku tumanida, Xorazm viloyati Shovot tumanida, Toshkent viloyati Quyi-Chirchiq tumanida), 2019 yilda 4 ta (Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida, Sirdaryo viloyati Oltinsoy tumanida, Namangan viloyati Cho‘st tumanida) va 2020 yil 4 ta (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida va Andijon viloyati Baliqchi tumanida) metrologik shahobchalar tashkil etish ko‘zda tutilgan. 
Bugungi kunda qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2017 yilda menejment tizimlarini joriy etish belgilangan Respublika viloyat va tumanlari kesimidagi jami 2096 ta korxonalar ro‘yxati shakllantirilib, mahalliy xokimliklar bilan kelishilgan holda menejment tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish tarmoq jadvallari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari Samarkand va Andijon sinov va sertifikatlashtirish markazlarning menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari Turkiya davlatining TURK AK akkreditatsiya tashkiloti tomonidan muddatidan oldin xalqaro akreditatsiyadan o‘tkazildi. 
Agentlik tomonidan bunday keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirilishi korxonalarni xalqaro darajada sertifikatlashtirish imkonini beradi.
Bu o‘z navbatida mahsulotlarga nisbatan iste’molchilar ishonchini ortishiga, bozorlarda turli imkoniyatlarni o‘sishiga, ishlab chiqarishda yo‘qotishlarni kamayishiga, tadbirkorlik faoliyatida tavakkalchiliklarni pasayishiga va ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlarni xalqaro darajada tan olinishiga erishiladi.