Ayni damda Oʻzbekiston milliy matbuot markazi hamda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi hamkorligida “OʻzAKKning” xalqaro darajada tan olinishi va istiqboldagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning 14-sentyabr kuni Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi nufuzli tashkilot — Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik (ILAK)ning toʻla huquqli aʼzosi safiga qabul qilindi va ISO/IEC 17011:2017 standarti talablari hamda ILAC tartib – taomillariga muvofiq OʻzAKK
• ISO/IEC 17025 sinov
• ISO/IEC 17025 kalibrlash
sohalarida Akkreditatsiya natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama Bitimiga (ILAK MRA) qoʻshildi.
Buning natijasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan sinovlar dunyoning 116 ta davlatida tan olinishiga erishildi.
Shuningdek, joriy yilning 28-sentyabr kuni esa yana bir nufuzli tashkilot, Xalqaro akkreditatsiya forumi- IAFning toʻla huquqli aʼzosi safiga qabul qilindi va IAF tartib-taomillariga muvofiq
• ISO/IEC 17065 mahsulotni sertifikatlashtirish
• ISO/IEC 17021-1 menejment tizimini sertifikatlashtirish
sohalarida Akkreditatsiya natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama bitimga (IAF MLA) qoʻshildi.
Tadbir soʻnggida jurnalist va blogerlar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.