“Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun milliy sifat infratuzilmasidagi islohotlar va sifatni taʼminlash” loyihasi  doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Germaniya Federal fizika-texnik instituti ekspertlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik (ILAC)ning toʻla huquqli aʼzosi safiga qabul qilinganligi va natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama Bitimga qoʻshilganligi, Oʻzbekiston milliy metrologiya institutida milliy etalonlarni saqlash, ulardan foydalanish boʻyicha yaratilgan infratuzilma, laboratoriyalardagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va meʼyor talablarga mosligi  ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi.

Erishilgan muhim natijalar mamlakatmizda  sifat infratuzilmasidagi islohotlar va sifatni taʼminlashdagi imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilishiga umid bildirildi.

Oʻz navbatida Germaniyalik ekspertlarga hamkorlikdagi ishlarni amalga oshirishda nazariy va amaliy bilimlari bilan yordam koʻrsatganligi uchun minnatdorchilik bildirildi.

Shuningdek, loyiha doirasida standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida navbatdagi amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar  va tarmoqlar bilan ishlash masalalari muhokama qilindi.

 
Xalqaro hamkorlik boshqarmasi