O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.
“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda mahalliy fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning xalqaro standartlar bo‘yicha salohiyatini oshirish” mavzusida Qorao‘zak, Qonliko‘l va Kegeyli tumanlarida ham seminar-treninglar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining “UzTest” DM Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali xodimlari “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarga eksport qilish uchun GLOBAL G.A.P., ORGANIC, HACCP, HALAL xalqaro sertifikatlari joriy etish va qo‘llash talablari” va Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi xududiy bo‘limi xodimlari “Sertifikatlashtirishda texnik reglamentlar talablariga rioya qilish” nomli ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Mavzular doirasida halqaro standartlari talablari, joriy etish bosqichlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashda, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda sertifikatlashtirilganda mahsulotlarning raqobotbardoshligi ortishi va eksport bozorining kengayishi masalalari qamrab olindi. Tadbirlarda Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksport qilishda “GSP+” imtiyozlar tizimi afzalliklari bo‘yicha ham qo‘shimcha ma’lumot berib o‘tildi.