Diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm insoniyat uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Diniy aqidaparastlik, turli ma’naviy tahdidlarga qarshi kurash davom etayotganiga qaramay, ularga xayrixoh kimsalar uchrab turibdi. Ular orasida yoshlarning ham borligi achinarli hol. 

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan “Diniy ekstremizm va terrorizm – jamiyat barqarorligi va xavfsizligiga tahdid” mavzuida tashkil etilgan seminarda bu haqda fikr-mulohaza yuritildi. 

Videokonferensiya shaklida o‘tgan tadbirda palataning hududiy boshqarmalari vakillari, yosh tadbirkorlar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari A.Boyazitov, J.Aliyev va boshqalar dunyo xalqlari hayotiga tahdid solib, xalqaro miqyosda tinchlik-osoyishtalikni buzishga urinayotgan terrorchi kuchlar, manfur g‘oyalar bilan qurollangan oqimlarga qarshi kurashish insoniyat oldida turgan dolzarb vazifalardan ekanini alohida ta’kidladi. 

O‘zbekiston dunyoda tinchlikni saqlash, xalqlar, millatlar manfaatini himoya qilish, terrorizm, diniy aqidaparastlar va turli g‘araz niyatli to‘dalarga qarshi kurashishda faol va mustahkam pozitsiyasiga ega. Bu jihatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, uzoq-yaqin davlatlar bilan barcha jabhalardagi munosabatlarda o‘z aksini topmoqda. 

Sir emas, bugun internet maydonida turli ma’naviy tahdidlar avj olgan, yoshlarimizni o‘zining buzuq g‘oyalari ta’siriga og‘dirib olmoqchi bo‘lgan oqimlar ham urchimoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, buzg‘unchi kuchlar g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan veb-saytlar ham ortmoqda. 

Yig‘ilishda bu yo‘lda barchamiz birgalikda harakat qilishimiz zarurligi ta’kidlandi. Ayniqsa, yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Jumladan, uyushmagan yoshlar masalasi g‘oyat dolzarbdir. Ular o‘z muammolariga javob topish uchun turli ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilmoqda. Bu tarmoqlarning xatardan xoli ekaniga hech kim kafolat bermaydi. Shu ma’noda yoshlarimiz ma’naviyatini mustahkamlash, ularda o‘ziga ishonch tuyg‘usini shakllantirish joiz. 

Tadbirda ishtirokchilar e’tiboriga diniy ekstremistik tashkilotlarning jirkanch va vahshiy faoliyatiga doir lavhalar, fotosuratlar havola etildi. 

 

 

O‘zA