«Derin Ekonomi» jurnalining sharhlovchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘z mamlakati va mintaqasidagi vaziyatlar o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jahonning birinchi o‘n nafar yetakchisi ro‘yxatiga kiritdilar, deya xabar bermoqda «Jahon» AA. 

Turkiyaning nufuzli nashrlaridan biri – «Derin Ekonomi» jurnalining ushbu reytingi mamlakatdagi boshqa bir yetakchi gazeta – «Yeni Şafak» tomonidan ham ko‘chirib bosildi. 

Dunyo jamoatchiligi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borayotgani barobarida ularga yuqori baholarni ham bermoqda. Mamlakatimizda kechayotgan hozirgi o‘zgarishlar, xorijlik ekspertlarning fikr bildirishlaricha, nafaqat milliy, balki umumiy xalqaro ahamiyat ham kasb etmoqda, deyiladi xabarda. 

Mazkur ro‘yxatdan muhim ahamiyatga molik qarorlari bilan o‘z mamlakatlari va mintaqalaridagi mavjud vaziyatni o‘zgartirib yuboradigan va bu bilan xalqaro maydondagi vaziyatga faol ta’sir ko‘rsatadigan hamda jahon ommaviy axborot vositalarining «nyusmeykeri», ya’ni ularning diqqat-e’tibori obyekti bo‘lib qolayotgan yetakchilar nomlari joy oldi. 

Mutaxassislarning qayd etishlaricha, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan birinchi kunlardanoq mamlakatni yalpi liberallashtirish, «har yerda hoziru nozir» bo‘lgan huquq-tartibot idoralari faoliyatini tartibga solish, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan chuqur islohotlarni hayotga tadbiq etmoqda. 

Ta’kidlanganidek, yangi rahbariyat boshchiligida O‘zbekistonda mamlakatni amalda erkin bozor iqtisodiyoti sari harakatlantirishga hamda tashqi savdo va valyuta siyosatini liberallashtirishga yo‘naltirilgan o‘ta muhim qarorlar qabul qilingani xorijlik sarmoyadorlar uchun respublikaning jozibadorligini oshirdi. 

Boshqa davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni tubdan yaxshilash yo‘lini tutgani Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti lavozimidagi eng katta e’tiborga munosib qadamlaridan biri bo‘ldi. 

Turk nashrlarida qayd etilishicha, mazkur reytingdan joy olgan o‘n mamlakat yetakchilarining ismi shariflari, ehtimol, shu paytga qadar jahon hamjamiyati uchun taniqli bo‘lmagan, biroq 2018-yili ular «har bir kishiga o‘zlarini tanitishadi».

Manba: uza.uz