Dunyoda rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini tanlagan har bir davlat eng avvalo korrupsiya, ta’magirlik, poraxo‘rlik kabi salbiy illatlarga qarshi murosasiz kurash olib boradi.
Aks holda, bunday jirkanch illatlarning tomir otishiga yo‘l berilsa, o‘sha joyda taraqqiyot va rivojlanish boy beriladi.
Respublikamizda olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad xalqimizni hayotdan rozi qilish va eng muhimi, davlat idoralari bevosita xalq ichiga kirib borib, muammolar bilan tanishayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Albatta bu jarayonda rahbarlarning mas’uliyatini oshirish va o‘ziga bildirilayotgan ishonchni oqlash hamda ta’magirlikka yo‘l qo‘ymaslik borasida ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi.
Respublikamizda bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramasdan ming afsuski, ayrim rahbarlar orasida korrupsiyaga berilish, ta’magirlik holatlari uchrab turgani kishini taa’jubga soladi.
Qonunlarni bilmaslik biror kishini jazodan qutilishiga bahona bo‘lolmaydi. Kimdir bilib, kimdir bilmasdan deganlaridek bunday salbiy illatlarning ko‘chasiga kirib qolganliklarini sezmay qoladilar. Achinarli tomoni shundaki, ayrim nufuzli mansab kursisida o‘tirganlar bila-turib korrupsiyaga, poraxo‘rlikka, tanish-bilishchilikka berilib ketayotgani ijtimoiy hayotimizga jiddiy xavf solmoqda.
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov tomonidan tasdiqlangan reja-dasturiga asosan agentlik tizimidagi tashkilotlarda tizimli ravishda “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi” mavzusida uchrashuv va seminarlar tashkil etib kelinmoqda.
Ana shunday uchrashuv yaqinda Qoraqolpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida tashkil etildi. “O‘zstandart” agentligining Qoraqolpog‘iston Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi va Sinov va sertifikatlashtirish markazi xodimlari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining Matbuot xizmati rahbari A.Rasulov, yuriskonsult E.Rahmonov va Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazining bosh mutaxassisi N.Muxitov hamda Qoraqolpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasidan ham vakillar qatnashdilar.
Seminar ishida yurtimizda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish, xodimlar orasida sog‘lom muhitni yaratish, tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatishning istiqbollari haqida ma’lumotlar berildi.

Axborot xizmati