“O‘zstandart agentligi” Bosh direktori tomonidan tasdiqlangan Sayyor qabul jadvaliga muvofiq 2018 yil 20-iyul kuni Baxmal tumanidagi jismoniy va yuridik shaxslar bilan Sayyor qabul tashkil etildi.
Sayyor qabul uchrashuvini Baxmal tumani hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari D.Umarov ochib, tadbir qatnashchilari va uning ishtirokchilarini va kun tartibi bilan tanishtirdi. Mamlakatimizda standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ayniqsa, ushbu sohalarni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining bir qator Qonunlari va qonun osti xujjatlari qabul qilinganligi, bu borada milliy tizimning xuquqiy asoslarini yaratish bilan birga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, eksport saloxiyatini oshirishga omil bo‘layotganligini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng «Jizzax SSM» DK rahbari A.Xolmirzayev davom ettirib, ushbu uchrashuv orqali tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga Xalqaro standartlar, Codex Alimentarius, GlobalG.A.P, Xalol standartlar, Texnik reglamentlar to‘g‘risida tushunchalar berildi hamda aholi vakillari bilan yuzma-yuz suhbatlashish, sohaga doir mavjud muammolarining yechimini topishda amaliy yordam ko‘rsatish “Sayyor qabul” ning asosiy maqsadi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Uchrashuv qatnashchilarini faolroq bo‘lib, o‘zlaridagi mavjud muammolarni ochiq-oydin bildirishga chaqirdi.
So‘ngra “O‘zstandart” agentligining Jizzax standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi bosh mutaxassisi N.Badalov so‘zga chiqib, yig‘ilish ishtirokchilariga standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalari bo‘yicha batafsil tushunchalar va tushuntirishlar berib o‘tdi.
Sayyor uchrashuvida Jizzax Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi va Sinov va sertifikatlashtirish markazining mas’ul xodimlari ham ishtirok etdilar.
Yig‘ilish so‘ngida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.