Korrupsiyaga qarshi kurashishda shafqatli bo‘lish kerak emas

“Hokimiyatni pulga sotib olganlar undan foyda olishni istaydi”, degan edi faylasuf Arastu. Qadimgi Grek faylasufi yashab o‘tgan davrdan beri qancha suvlar oqib o‘tdi. Ammo korrupsiya bilan bog‘liq muammo o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Buning ustiga unga qarshi kurashishda samarali qurol ham yaratilmagan.

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab korrupsiya xalqaro muammolardan biriga aylandi. Bir mamlakatdagi korrupsiya ko‘rinishi ikkinchi mamlakat bilan bog‘lanib ketdi. Ayni damda korrupsiya xalqaro savdoda milliardlab zarar keltirmoqda.

Korrupsiya bilan bog‘liq muammo Evropada ham saqlanib qolmoqda. Bu mavzu davlat va hukumat rahbarlari, politsiya va jurnalistlarning doimiy e’tiborida. Tahlilchilarning fikricha, “ko‘hna qit’a”dagi korruptsiya har yili Evropa iqtisodiyotiga 120 milliard evro miqdorida zarar etkazadi.

Biroq, Evropa Ittifoqining aksilkorruptsiya agentligi – OLAFning ta’kidlashicha, bu atigi aysbergning yuqori qismi xolos. Aslida Evropa mamlakatlari korrupsiya tufayli yiliga 323 milliard evrodan mahrum bo‘ladi. Kuzatuvchilarning fikricha, korrupsiyaning haqiqiy qamrovini baholashning imkoniyati yo‘q. EI mamlakatlari aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, respondentlarning 76 foizi korrupsiya o‘sib borayotganini qayd qilgan.

Evropada eng korrupsiyalashgan mamlakat Gretsiya ekani aytiladi. Undan keyingi o‘rinlarda Italiya, Ispaniya, Litva, Chexiya davlatlari turar ekan. Evropada korruptsiyaga qarshi kurashishga o‘nlab tashkilotlar jalb qilingan.

Jahonning turli davlatlarida korruptsiyani bartaraf etish yo‘lida bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Shu o‘rinda sharhlovchilar bir ovozdan Singapur tajribasini tez-tez tilga oladi. Bu davlat chorak asr mobaynida uchinchi dunyo mamlakatidan gullab-yashnagan farovon mamlakatga erishdi. Bu maqomga erishishida korruptsiyaga qarshi keskin kurashish bosh omil bo‘ldi. O‘tgan asrning 50-yillarida Singapur juda ham qashshoq edi. Tabiiy resurslarning etishmasligi, hatto ichimlik suvining chetdan olib kelinishi davlat idoralarida ildiz otgan korrupsiya oldida arzimagan ish bo‘lib ko‘rinardi. Hamma, hatto o‘qituvchilar ham pora olardi. Ammo Singapur hukumati korruptsiya ustidan g‘alaba qozondi. Bunda birinchi navbatda mamlakat rahbariyatining qat'iy irodasi muhim ahamiyat kasb etdi. Bosh vazir Li Kuan Yu korrupsiyaga barham berishda o‘z qarindoshlari va hukumatdagi maslakdoshlarini ham ayab o‘tirmadi. Har bir fuqaroning shubhali xatti-harakatlari tekshirildi, aybdorlarga munosib jazo berildi.

Ikkinchidan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan yangi qonunlar qabul qilindi. Uchinchidan, bu qonunlarni hayotga tatbiq etish maqsadida amalda cheklanmagan vakolatlarga ega bo‘lgan – Korrupsiya holatlarini tekshirish byurosi tashkil etildi. Byuro bevosita davlat rahbariga bo‘ysunardi, bu o‘z navbatida har bir davlat amaldoriga nisbatan adolatli tergov olib borilishini ta’minladi.

Shu o‘rinda Ruminiya tajribasini ham misol sifatida keltirish mumkin. Bu mamlakat 2007 yilda Evropa Ittifoqiga a’zo bo‘lib kirdi. Shuni aytish kerakki, Ruminiya Evropa Ittifoqiga kirishidan avval va kirganidan keyin ham mamlakatda korrupsiya ildiz otgan edi. Unga qarshi kurashish shunchaki, ko‘rgazmali bo‘lib, biror bir natija bermasdi. Vaziyatni kuzatib borgan Evrokomissiya bu illatga qarshi kurashishga aralashishga ahd qildi. Uning ekspertlari 2011 yilda Ruminiya uchun aksilkorrupsiya strategiyasini ishlab chiqdi, bu loyiha o‘z samarasini berdi. Mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashish ikkita idoraga – Milliy aksilkorruptsiya boshqarmasi va Milliy yaxshilik masalalari agentligiga topshirildi. Bu ikki idora 2013 yilda mingdan ortiq ishni sudga topshirdi. Poraxo‘rlikda gumon qilinib o‘nlab vazirlar, elchilar, merlar, politsiya va bojxona xodimlari qo‘lga olindi. Bu mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali bo‘lishiga Evropa Ittifoqi va mahalliy siyosatchi, sud va OAVning birgalikda qilgan harakatlari sabab bo‘ldi. Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, to‘g‘ri strategiya bo‘lmas ekan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish samara bermas ekan.

Uzoq yillardan beri Shvetsiya korruptsiyalashgan davlatlar ro‘yxatiga kirmaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, 19 asrga avvalboshda lotinchada aks etgan ma’nodan boshqacha yangraydi.

"Transparency International", Jahon banki va boshqa tashkilotlar korruptsiya deganda hukumat amaldorlari o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilganligini tushunadi.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA