Buxoroda o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida viloyatdagi tadbirkorlik subyektlari bilan birga Samarqand, Xorazm, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahridan yirik ishlab chiqarish korxonalari ham o‘z mahsulotini namoyish etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, yirik korxonalar bilan kichik biznes subyektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. 

Ko‘rgazmada 265 subyektning to‘qimachilik va tikuvchilik, oziq-ovqat, mebel, charm-mo‘yna, matbaa mahsulotlari, qurilish materiallari namunalari taklif etildi. 

Viloyatda zamonaviy texnologik uskunalar va tikuv mashinalari bilan jihozlangan yengil sanoat korxonalari soni yildan-yilga ortmoqda. Ular o‘rtasida kooperatsiya aloqalari o‘rnatgan korxonalar anchagina. Yarmarkada Buxoro shahridagi “Sevinch teks servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati buyurtmalar portfeli “Kamalak shabnam teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Kogon chevar tekstil” xususiy korxonasi bilan ip-kalava yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan 2 milliard so‘mlik shartnoma hisobiga boyidi. 

– Barqaror xomashyo ta’minoti hamkorlarga ip-kalavani chuqur qayta ishlash loyihasini kengaytirish imkonini beradi, – deydi “Kamalak shabnam teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari D.Bobojonov. – Korxonamizda tayyorlanayotgan bo‘z matoga talab yuqori. Yarmarkada ikki korxona bilan qariyb 2 milliard 200 million so‘mlik shartnoma imzoladik. 

Viloyat hokimligidan ma’lum qilishicha, ko‘rgazmada 52 milliard so‘mlikdan ziyod hamda 9 million dollar qiymatidagi shartnomalar imzolangan. 

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.