Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tashabbus” tanlovi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlik harakati va milliy hunarmandlikni yanada rivojlantirish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, faol va tashabbuskor ishbilarmonlarni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. 

Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 44 tadbirkor, fermer va hunarmand o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fermerlar kengashi, “Hunarmand” birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarishda tadbirkorlik subyektlari vakillarining ulushi ortib bormoqda. 2016-yilda bu ko‘rsatkich 57 foizni tashkil etgani fikrimiz isbotidir. 

O‘tgan yili hududda 1 ming 586 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, ularning soni 12 ming 745 ga yetdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yili tijorat banklari tomonidan 648 milliard 200 million so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Buning natijasida 34 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. 

Nukus shahridagi “Kardar” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Murat Shimbergenov “Eng yaxshi tadbirkor”, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Mustaqillik” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Quatboy O‘tekov “Eng yaxshi fermer”, Chimboy tumanidan Azamat To‘rekeyev “Eng yaxshi hunarmand” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. 

– Tasarrufimizdagi qariyb 100 gektar maydonning 58,7 gektarida paxta, 22 gektarida g‘alla yetishtiramiz, – deydi Qo‘ng‘irot tumanidagi “Mustaqillik” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Q.O‘tekov. –Chorvachilik va asalarichilikdan ham yaxshigina daromad olamiz. O‘tgan yili davlatga 145 tonna paxta, 88 tonna bug‘doy, 90 tonna poliz-sabzavot mahsulotlari sotib, 655 million so‘m daromad qildik. Xo‘jaligimizda 30 ga yaqin ishchi mehnat qiladi. 12 ta turli qishloq xo‘jaligi texnikasi va traktor bor. 

Tanlovda “Eng yaxshi yosh tadbirkor”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi fermer ayol”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Yoshlarga eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor” kabi 17 nominatsiya bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.