“Elektron hukumat” tizimi yil sayin takomillashib, talab yuqori bo‘lgan yangi interfaol xizmatlar bilan boyitilgan holda foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lib bormoqda. Ayni paytda ushbu ishlar davomi sifatida Interfaol davlat xizmatlari yagona portalining yangilangan IDXYaP 2.0 versiyasi sinovdan o‘tkazilmoqda. 

Yuridik va jismoniy shaxslar uchun taqdim etiladigan interfaol xizmatlar portalini yaratishda Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan va amal qilayotgan davlat organlarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi asos bo‘lib xizmat qildi. Bu boradagi ishlar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yangi bosqichda davom ettirilmoqda. 

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda yagona portalga 300 dan ziyod davlat xizmatini taqdim etadigan 600 dan ortiq davlat muassasasi va tashkilotlari ulangan. 

Texnik taraqqiyot va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining davlat organlari faoliyatiga jadal integratsiyalashuvi yagona portal taqdim etadigan interfaol xizmatlar sifati va miqdoriga bo‘lgan talabni o‘zgartirdi. Shu bois “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi “LG CNS UZBEKISTAN” kompaniyasi bilan hamkorlikda Interfaol davlat xizmatlari yagona portalining yangilangan IDXYaP 2.0 versiyasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, portal funksiyalari butunlay o‘zgartirildi, interfeys yangilanib, soddalashtirildi. Jismoniy va yuridik shaxslarning, kommunal xizmatlarni yetkazuvchilarning ma’lumotlar bazasi tizimi, to‘lov tizimi integratsiyalashtirildi. Portalda ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ham sezilarli darajada soddalashtirilib, foydalanuvchining shaxsiy kabinetiga o‘zgartish kiritildi. Endi fuqarolarning o‘zi shaxsiy kabinetini xizmatlar bilan to‘ldirishi mumkin. 

Yangi portal foydalanuvchining yoshi, oilaviy va ijtimoiy ahvolidan kelib chiqqan holda xizmatlar taklif etadi. Tadbirkor shaxsiy kabinetida yuridik shaxsning rekvizitlari, kommunal xo‘jalik, soliq solish, statistika hisobotini taqdim etish, avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda axborot bloklari paydo bo‘ladi. 

“Elektron hukumat” tizimining takomillashuvi, talab yuqori bo‘lgan yangi interfaol xizmatlar taklif etilishi O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat va xalq o‘rtasidagi muloqotning yanada kengayishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladi.