Prezident Shavkat Mirziyoevning 1 iyundagi qarori bilan O'zbekistonda yong'oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etildi. Qaror lalmi erlardan foydalanishni rag'batlantirish va samaradorligini yanada oshirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh bo'lgan yong'oq ishlab chiqarish hajmini ko'paytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy yong'oq plantatsiyalarini barpo qilish hamda yong'oq etishtirish bo'yicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etishga yo'naltirilgan. Sag agro va Sam antep gilam kompaniyalari, Yong'oqchilik ilmiy-tadqiqot markazi, yong'oq logistika markazi, «Sag agro MTP», shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi hududiy «Yong'oqagro» MChJlari uyushma muassislari hisoblanadi.

Qaror bilan 2017−2021 yillarda yong'oq etishtirish hajmini yanada ko'paytirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ko'zda tutilgan. U quyidagi bosqichlarni o'z ichiga oladi: 2017−2019 yillar — yong'oq ko'chatlarini respublikaga olib kelish, 2018−2019 yillar — yong'oqni payvandlash uchun payvandtaglarni keltirish, 2020 yil — laboratoriya sharoitida yong'oqning tegishli mintaqa tabiiy-iqlim sharoitlariga mos yuqori hosildor navlarini ishlab chiqarish, 2018−2020 yillar — yong'oq etishtirish va uni ichki hamda tashqi bozorda sotishni yo'lga qo'yish. Yong'oq daraxti ko'chatlarini o'tqazish uchun chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg'ona viloyatlarida tabiiy-iqlim sharoitlari va tuproq tarkibi bo'yicha yong'oq ko'chatlarini ekish uchun qulay, umumiy maydoni 10 ming gektargacha bo'lgan er uchastkalarini ajratish rejalashtirilgan.

Yong'oq plantatsiyalarini barpo etish bo'yicha loyihalar uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish hisobiga 50 million AQSh dollarigacha bo'lgan miqdorda kredit mablag'lari ajratiladi. Uyushma ishtirokchilari uchun 2020 yilga qadar chetdan olib kelinadigan O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tomchilatib sug'orish uskunalari, maxsus qishloq xo'jaligi texnikalari, yong'oq ko'chatlari, payvandtaglari, payvandustlari, onalik materiallari bojxona to'lovlaridan (bojxona yig'imlari bundan mustasno) ozod etiladi.