O‘zbek adabiyotida va keng kitobxonlar orasida Toxir Malik o‘zining “Falak”, “Somon yo‘li elchilari”, “Tiriklik suvi”, “Zaxarli g‘ubor”, ”Chorraxada qolgan odamlar”, “So‘nggi o‘q”, “Shaytanat”, “Ov”, “Murdalar gapirmaydilar”, “Iblis devori” singari detektiv va ma’rifiy asarlari bilan hurmat qozongan ijodkordir.

Xalqimizning har bir xonadoniga kirib borgan mazkur asarlarda, ezgulik, totuvlik, do‘stlik, o‘zgalarga yaxshilik ulashish kabi ezgu tuyg‘ular tarannum etilgani bilan qadrlidir.

Haqiqatda ham, ayrim insonlarda uchraydigan illatlardan sanalgan o‘zgalar ko‘ngliga ozor berish, g‘iybat, fisqu-fasod, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamaslik, ko‘rolmaslik, boshqalarni mensimaslik kabi salbiy illatlar yozuvchining asarlarida keskin qoralanadi.

Adabiyotning kuchi ham aslida insonni adabga, ta’lim va tarbiyaga yo‘llashdadir.

Yozuvchining barcha asarlarini qunt bilan o‘qigan kiboxon halol yashash, halol mehnat orqali nasiba topish, yon-atrofidagi insonlarga yaxshilik qilishdek umuminsoniy g‘oyalarning umri boqiy ekanligini chin yurakdan his qiladi.

Olim bo‘lma, odam bo‘l, o‘zgalarning qalbini og‘ritma, yaxshilik qilish qo‘lingdan kelmasa, hech bo‘lmaganda yomonlikdan saqlan, bag‘ri kenglik qil, degan hikmatli iboralarni deyarli har kuni takrorlaymiz.

Afsuski, har doim ham unga amal qilavermaymiz...

“O‘zstandart” agentligida tashkil etilgan navbatdagi ma’naviyat soatida, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Toxir Malik bilan yuqoridagi mavzularning mazmun-mohiyati haqida qizg‘in suhbat bo‘ldi.

Ma’naviyat soatida “O‘zstandart” agentligining xodimlari faol qatnashib, o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollariga javob oldilar.

Albatta, bunday ma’rifiy uchrashuvlar xodimlar ma’naviyatini oshirishga yordam beradi.

Uchrashuv so‘nggida bir gurux xodimlar sevimli yozuvchilarining qalamiga mansub asarlariga esdalik yozuvini oldilar.