Mamlakatimizda aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, soha subyektlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Qashqadaryo viloyatida ham ushbu hujjat ijrosi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilib, baliqchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jaliklar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tabiiy va sun’iy havzalar barpo etildi. Hovuzlarning meliorativ holati yaxshilandi. 

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 260 dan ortiq baliqchilik xo‘jaligi tomonidan o‘tgan yili 4 ming 450 tonna parhez mahsulot yetkazib berildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 ming 175 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan baliqchilikni rivojlantirish, soha faoliyatini yanada takomillashtirish, baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda shular haqida atroflicha ma’lumot berildi. 

Tijorat banklari, baliqchilik xo‘jaliklari vakillari ishtirok etgan tadbirda baliqchilikni rivojlantirish, uni boshqarish tizimini takomillashtirish, baliqchilik va baliq ovlash tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash hajmini kengaytirish, tabiiy va sun’iy suv havzalaridan oqilona foydalanish, shuningdek, tarmoqda baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. 

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etilib, joylarda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi 13 hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat ko‘rsatadi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Saidov. – Viloyatimizda tashkil etilayotgan “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tabiiy va sun’iy suv havzalarida baliq turlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yishda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlariga ko‘maklashish, lichinka ishlab chiqarish bo‘yicha yangi inkubatsiya sexlari tashkil etish, baliq chavoqlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish, mavjud hovuzlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish ishlarini amalga oshiradi. 

Mazkur hujjatga asosan baliqchilik tarmog‘ida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy va texnik yangiliklarni tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stansiyasi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirildi. “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga 2023-yilning 1-yanvarigacha urug‘, baliq chavog‘i yetishtirish, baliq mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlaridan yagona soliq to‘lovidan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar berildi. Yuqori mahsuldor baliq turlarini iqlimlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish hisobiga afrika laqqasi, tilyapiya, forel, vengriya sazani va osyotr baliq turlarini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada viloyatdagi baliqchilik xo‘jaliklari va yangidan tashkil etiladigan xo‘jaliklar yanada rivojlanadi. Bu ichki bozorga uzluksiz ravishda arzon va sifatli baliq mahsulotlari yetkazib berilishini ta’minlaydi. 

Tadbirda “Baliqchilik sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar”, “Baliq yetishtirish, baliqchilik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish”, “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.