Tabiat va uning bag‘ridagi o‘zgarishlar hohlaymizmi yoki yo‘qmi sizu bizning ruhiyatimizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Bahor fasli ona tabiatga yashil libosini to‘shagan lahzalarda qalblarimiz quvonchga to‘lib ketadi. Yozning pishiqchilikka boyligi esa beixtiyor yuraklarimizga saxiylik ulashgandek bo‘ladi.
Kuz fasli boshlanishi bilan tabiat bir oz sokin tortib, mahzun qiyofaga kiradi. Ayni shu damlarda suvlarning oqishida, qushlarning sayrashlarida o‘zgacha ma’no mujassam.
Aytish joiz, kuz ma’lum ma’noda barcha sohalarda, ya’ni ishimiz va yashash tarzimizda, farzandlarimiz tarbiyasida, o‘zimiz va oilamiz hamda yaqinlarimizga e’tiborli bo‘layapmizmi, nimalar qildimu, nimalarga ulgurmadim degan savollarga javob izlash mavsumi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Daraxt shoxlaridan chirt-chirt uzilib ona zamin bag‘riga singib ketayotgan xazonlar kechagina yam-yashil barg bo‘lib, shoxlarda ko‘kka talpinayotgan edi. Bugun esa uning umri tugab, yana tuproqqa aylanmoqda.
Dunyo aslida ham hisob-kitobli deganlari shu bo‘lsa kerakda. Mana shunday kezlarda kuz nafasi aks etgan bog‘u-rog‘larda, xiyobonlarni kezib,xayol surishning o‘zgacha gashti bor. Eng muhimi inson shunday kezlarda o‘zi bilan o‘zi suhbatlashib, o‘ziga o‘zi hisobot beradi.
Yurtimizda kechayotgan yangilanish va islohotlar, xalqning ko‘ngliga yo‘l topish, og‘irini yengil qilish, inson manfaatlariga e’tiborning kuchayib borayotgani kabi harakatlar bevosita jamiyatimiz taraqiyoti uchun bo‘layotgani barchamizni birdek quvontiradi. Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash va mehnat qilish har bir soha vakilining muqaddas burchiga aylanmog‘i davr talabiga aylanmoqda. Ayni kuzning o‘ychan va mahzun kezlarida fidoiylik tushunchasi har qachongidanda ko‘proq muhmdek tuyulmoqda.
Zero, tomchida quyosh aks etgani kabi fidoiylik bor joyda taraqqiyot va baraka bo‘ladi.