2017-yilning 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bugungi kunda bironta ham hududda sog‘liqni saqlash tizimi aholi uchun munosib xizmat qiladigan darajada tashkil etilmaganini tanqidiy tahlil qilib, Qonunchilik palatasi o‘z ish faoliyatida asosiy e’tiborni tizimdagi ana shu muhim muammolarni, ayniqsa, joylarda hal etishga qaratishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari Qonunchilik palatasida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etib, uning a’zolari asosan hududlarda faoliyat ko‘rsatishi taklifini bildirgan edi. 

Parlament quyi palatasining 4-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan joriy yildagi ilk majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasini tuzish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. 

Majlisda sog‘liqni saqlash tizimi, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish yo‘nalishidagi islohotlarning ijrosi samaradorligini ta’minlash, ushbu sohada joriy etilgan deputatlik, parlament va jamoatchilik nazoratining bugungi holati va uning natijalari tanqidiy tahlil etilib, bu boradagi faoliyatni amaliy harakatlar bilan takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, deputatlar yangi tuziladigan qo‘mita aholini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan bevosita hududlarda faoliyat yuritib, haqiqiy deputatlik, parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirgan holda tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish borasida aniq takliflar tayyorlab, ularning natijalariga e’tibor qaratishi, bu boradagi qonun ijodkorligi jarayonini faollashtirish bilan birga, sohaga doir qonunlar ijrosini o‘rganishi lozimligiga alohida to‘xtaldilar. 

Majlis yakunida siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining takliflariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasini tuzish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi hamda yangi qo‘mitaning tarkibi saylandi.