Odamzot tabiatning bag'rida dunyoga kelib, ulg'ayadi. Biz nima uchun bog'larni sevamiz va uning bag'rida bo'lishga intilamiz. Chunki u yerda asl go'zallik va bizni kayfiyatimizni ko'taradigan toza havosi bor.

Biz nima uchun yuksak tog'larga talpinamiz. Sababi cho'qqilar va ko'z ilg'amas qoyalarda ulug'vorlik va bag'rikenglik yashiringan.

Biz ayni bahor kezlarida nima sababdan cho'llarga borgimiz kelaveradi. Boisi u yerda biz bepoyon kengliklarni ko'rib, ko'zlarimiz quvnaydi va eng muhimi, qishning izg'irinli kunlaridan toliqqan va bahorning iliq tafti yordamida ko'kka bo'y cho'zayotgan rang-barang shifobaxsh o'simliklar olami bizni o'ziga mahliyo etadi.

Bunday omillaring barchasi bahor kunlari va Navro'z bayrami ayyomi lahzalarida yana bir bor o'z ma'no-mazmuni bilan yuraklarimizni band etadi.

Darvoqe, Navro'z insoniyatning eng qadimiy bayramlaridan biri hisoblanadi. Bu kunduz yog'dusi tun qorong'iligidan ustunlik qila boshlagan, Quyoshning quvvati insonlar qalbiga kirib kelgan fasllar kelinchagi Bahor va kuchga to'lib kelayotgan tabiatdagi shodlanish va ruhlanish hissini uyg'otadigan davrdir.

Navro'z – Quyoshning yillik harakatlanishiga asoslangan Yangi yil bayramidir.

Buyuk ajdodimiz – mutafakkir olim Abu Rayhon Beruniy Navro'zga juda aniq ta'rif bergan: Yangi yilning birinchi kuni bo'lgan Navro'z forschada ham bir xil ma'noga ega. Avval u Quyoshning eng jazirama davri – saratonga o'tishiga mos kelgan. Keyinchalik ortga surilgan va endilikda bahorga to'g'ri keladi. U butun yilga xizmat qiluvchi vaqt, ya'ni bahorda, yomg'irning ilk tomchisi, daraxtlar gullashi va mevalar etila boshlashini aniq misollar yordamida ochib bergan.

Ayni kunlarda Respublikamizning shaharu-qishloqlarida Navro'z shodiyonalari kezib yuribti. Xalqimiz doshqozonlarda sumalaklarni damlab, bir-birlariga ulashmoqdalar. Xalq o'yinlari, laparlar va boshqa shunga o'xshash milliy urf-odatlarimiz yana bir bor esga olinmoqda.

Fursatdan foydalanib, “O'zstandart” agentligi rahbariyati va jamoasi xalqimizni Navro'z bayrami bilan chin yurakdan tabriklaydi. Har kunimiz quvonchlarga, bahorlarga va Navro'zlarga boy bo'lsin!