Buxoro zamini ko‘plab avliyolar va piru-ustozlarning beshigini tebratgan tabarruk maskan. Hayotimizda shunday ma’rifatli zotlarning hikmatlari borki, ularning ahamiyati bir necha yuz yillar o‘tsada o‘zining dolzarbligini yo‘qotmaydi.
Aytish lozimki, yurtimizda tug‘ilib voyaga yetgan aziz insonlarning ezgu amallari va kelajak avlodlar uchun qoldirgan ma’naviy xazinalariga vaqt ham o‘zining ta’sirini o‘tkaza olmaydi.
Buxoroda yashab insoniyatga bebaho meros qoldirgan Hazrat Bahouddin Naqshband shunday benazir zotlardan biri. Ul zotning “Qo‘ling mehnatda, qalbing esa allohda bo‘lsin” degan g‘oyalari nafaqat biz uchun, balki butun insoniyat uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, piru-komilning “Shamday hayot o‘tkaz: hammaning uyini nurafshon etib, o‘zing qorong‘uda bo‘l!”, “Qalblarning buyukligi aslida bir. Lekin ulardagi ma’rifatning buyukligi farqli”, yoki “Elning yukini yengillashtiring, elga yuk bo‘lmang” kabi hikmatlari bugun ham barchamiz uchun ibratlidir.
Muhtaram Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilish lozim” degan tamoyillari zaminida ham shubhasiz Naqshband bobomiz nazarda tutgan elning yukini yengillashtirishdek ezgu maqsadlar yotganligidan dalolat beradi.
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov tomonidan tasdiqlangan Sayyor qabul rejasiga asosan navbatdagi uchrashuv Buxoro viloyatida tashkil etildi.
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov shu maqsadda 6-7 aprel kunlari xizmat safari bilan mazkur viloyatda bo‘ldi. Agentlik Bosh direktori dastlab Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuvda Buxoro viloyatida yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning jahon bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish va viloyat ishbilarmonlari va tadbirkorlariga amaliy yordamlarni ko‘rsatishning kelgusidagi rejalari kelishib olindi.
Shundan so‘ng, “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov Buxoro shahrida tashkil etilgan Sayyor qabulda ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslar bilan uchrashdi.
Agentlik Bosh direktorining taklifiga asosan, uchrashuv erkin va savol-javob shaklida o‘tkazildi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur uchrashuv jarayonida eksport qiluvchi korxonalarning vakillari standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalarida kechayotgan islohotlar ko‘lami bilan qiziqdilar.
Shuningdek, ular “Halol” standartlarini qabul qilinganligi mahalliy mahsulotlarimizni jahon bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishini e’tirof qildilar.
Sayyor uchrashuvida Buxoro Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i T.Salomov yig‘ilganlar e’tiboriga viloyat miqyosida tadbirkorlar uchun yaratib berilgan imkoniyatlar xususida ma’lumot berdi. Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi tomonidan esa tadbikorlar uchun tarqatma va ko‘rgazmali ma’lumotlar taqdim etildi.
Kunning ikkinchi yarimida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov Buxoro Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda Buxoro Sinov va sertifikatlashtirish markazi xodimlari bilan ham uchrashdi.
Yig‘ilishda Agentlik Bosh direktori sohada mehnat qilayotgan kadrlar malakasini oshirish va ularga xorijiy tillarni o‘rgatish, laboratoriyalarni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishning ahamiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda sinov turlarini o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yish ishlari samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalar va ularning yechimlari haqida taklif va tavfsiyalarini bildirdi.
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimovga Buxoro viloyatiga qilgan safar davomida Matbuot xizmatining rahbari A.Rasulov hamrohlik qildi.