“O’zstandart” agentligi IATF 16949:2019 “Sifat menejmenti tizimlari. Аvtomobilsozlik sanoati va unga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun sifat menejmenti tizimi talablari”ning ishlab chiqarilganini ma'lum qiladi.

Ushbu standart xalqaro ISO / TS 16949:2009 o’rnini egallaydi va ISO 9001:2015 bilan mos keladi. Mazkur standartni davlat standarti loyihasi sifatida ishlab chiqishdan asosiy maqsad sertifikatlashtirish orqali avtomobilsozlikdagi boshqaruvni takomillashtirish, yurtimizda sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni doimiy yo’lga qo’yish hamda “O’zavtosanoat” АJ tizimidagi barcha korxonalarni ushbu standart asosida sertifikatlashtirishdan iboratdir.

Mazkur yangi standart amaliyotda qo’llanilgach, har qanday ishlab chiqaruvchi va iste'molchi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, avtomobil tarkibiy qismlarining sifati yuqori darajada bo’lishi, ishlab chiqaruvchi korxonaning texnik darajasi va unga tatbiq etilgan sifatni boshqarish tizimining yuqori xavfsizlik darajasi bilan ta'minlanadi.

Аvtomobilsozlik sanoatida menejment tizimi standartlarini joriy etish quyidagi ustunliklarni beradi:

• xavflar oldini oluvchi choralarni qo’llash bilan yuzaga kelishi mumkin bo’lgan nuqson va o’zgartirishlar kamayadi;

• doimiy takomillashtirish asosida samaradorlikka erishish va mahsulot yetkazish zanjiridan ortiqcha harajatlarni kamaytiradi;

• ikkinchi tomon tekshiruvlari kamayadi;

• mahsulot sifati yaxshilanadi;

• mahsulotni eksport salohiyatini oshiradi.