Yangi qonun 
Ona suti – go‘dak uchun tabiiy va eng maqbul oziqa hisoblanadi. Ko‘krak suti tarkibida chaqaloq sog‘lom unib-o‘sishi va organizmining rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha elementlar mavjud.
Bundan tashqari, ona suti tarkibidagi touring moddasi bolaning aqliy salohiyati shakllanishi, ya’ni bosh miya rivojlanishida muhimdir.
Tibbiyotda isbotlangan statistik tahlillarga ko‘ra, ona suti bilan oziqlantirish har yili dunyoda 20 ming ayolning ko‘krak saratoni yoki tuxumdon saratoni tufayli hayotdan ko‘z yumishining oldini olishga yordam beradi. Qolaversa, ko‘krak suti bilan oziqlanayotgan bolalar sun’iy sutli aralashmalar iste’mol qilayotgan tengdoshlariga nisbatan anchagina sog‘lom o‘sadi.
O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bolalarni ona suti bilan oziqlantirishni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashni huquqiy jihatdan tartibga solish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari 2019 yil 23 oktabr kuni imzolagan “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi qonun bolalarni to‘g‘ri oziqlantirishga qaratilgan muhim huquqiy asos yaratdi.
Qonunda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash sohasidagi Vazirlar Mahkamasi va Sog‘liqni saqlash vazirligining vakolatlari belgilandi.
Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida madaniy-ko‘ngilochar muassasalar, shuningdek, avtovokzal, aeroport va temir yo‘l vokzallarida maxsus ajratilgan joylar tashkil etilishi kerakligi belgilandi. Qolaversa, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, shuningdek, reklamani tayyorlovchilar va tarqatuvchilar faoliyatiga oid cheklovlar o‘rnatildi.
Endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishmasdan go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishiga doir ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi reklamalarni onalar va ularning oila a’zolari o‘rtasida tarqatish taqiqlanadi. Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli saqlash sharoitlariga ega bo‘lmagan hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiena talablariga muvofiq bo‘lmagan joylarda realizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining o‘roviga (idishi) hamda ularni tamg‘alashga doir, shuningdek, idishchalarni va so‘rg‘ichlarni tamg‘alashga oid talablar o‘z aksini topgan.
Umuman olganda, ushbu qonun talablariga rioya etilishi, shuningdek, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya holati, sifati va xavfsizligi ustidan davlat nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur qonun millat genofondini saqlashga, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.

Oral ATANIYaZOVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi.

Manba: O‘zA