O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligida agentlikning mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Idoraviy norma ijodkorligi sohasidagi yangiliklar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Anjumanda qayd etilganidek, vazirliklar, davlat qo‘mitalari 
va idoralarning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish 
va qo‘llash, shuningdek ularni e’lon qilish va manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazish bo‘yicha ishini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda vazirlik idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan 
va davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi hamda ularning davlat reyestrini yuritadi, shuningdek idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, e’lon qilish va manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshiradi.

Bu borada yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining kuchga kirishi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga kiritganlik uchun javobgarlik choralarini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi vazirlik va idoralarning idoraviy norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatlarini yanada takomillashtirilishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
Shu bilan birga, idoraviy norma ijodkorligi faoliyatida to‘plangan tajriba asosida hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014 yil 28 fevraldagi 53-mh-sonli buyrug‘i bilan yangi tahrirda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari tasdiqlandi.
O‘tkazilgan seminarda ishtirokchilarga idoraviy norma ijodkorligi sohasidagi qonun hujjatlariga kiritilgan asosiy yangiliklar xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Anjuman davomida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar 
va yangiliklar bilan bir qatorda ayrim vazirlik va idoralar tomonidan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi ham ta’kidlab o‘tildi.

O‘zaro jonli muloqot asosida tashkil etilgan seminarda idoraviy norma ijodkorligi faoliyatiga doir boshqa masalalar bo‘yicha ham atroflicha fikr almashildi.