Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Global Optical Communication Uzbekistan” qoʻshma korxonasiga 2019-yil asos solingan. Ishlab chiqaruvchi korxona “Jizzax” EIZda “Oʻzbektelekom” AK va Janubiy Koreyaning xorijiy investorlari: “Global Optical Communication Co. Ltd.” va “Uni Asset Global Co. Ltd.” kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 50 ming km gacha optik tolali aloqa kabellarini tashkil etadi.

2020-yilda birinchi bosqichda “Global Optical Communication Uzbekistan” QKning “Jizzax” EIZdagi mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari oʻrnatilgan boʻlib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va hozirgi kunda ushbu zavodda koreyalik mutaxassislar faoliyat yuritmoqdalar. Buning samarasini qisqa muddat ichida ishga tushirish va sozlash ishlari amalga oshirilgani va Optik tolali kabellarni Koreya texnologiyasi asosida ishlab chiqarish oʻzlashtirilganini yaqqol koʻrishimiz mumkin.

Yangi qoʻshma korxona bugungi kunda 160 ta yangi ish oʻrni yaratdi. Ishlab chiqarish rivojlanib borishi bilan yangi ish oʻrinlari soni 300 tagacha oshirilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zamonaviy yuqori tezlikdagi va ishonchli telekommunikatsiya tarmogʻi zarur. Bugungi kunda Oʻzbekiston mis aloqa liniyalaridan optik tolali aloqa liniyalariga faol tarzda oʻtmoqda va bu telekommunikatsiya tarmoqlarining ishonchliligi va tezkor sifatini oshiradi.

“Uztest” markazi Jizzax filiali mutaxassislari tomonidan mazkur yangi loyihani doimiy qoʻllab-quvvatlash, sohaga oid muammolarni hal etish borasida konsultativ va amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.