Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi orasida keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatishdek ezgu fazilat doimo amal qilib keladi.

Xabaringiz borki hukumatimiz tomonidan belgilangan “Keksalar haftaligi” oʻtkazilmoqda. Ushbu haftada Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti jamoasining faxriy ustozlaridan biri – Klimushin Gennadiy Eduardovich haqida maʼlumot berib oʻtamiz.

Klimushin Gennadiy Eduardovich 1951-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1974-yilda Toshkent temir yoʻl transporti injenerlari institutining “Teplovozlar va teplovozlar xoʻjaligi” mutaxassisligi boʻyicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

Ustozimiz 1970-yildan boshlab standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimida texnik xodim lavozimidan boʻlim boshligʻi lavozimigacha faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Gennadiy Klimushinning mehnat yutuqlari koʻplab medallar va faxriy yorliqlar bilan eʼtirof qilingan: oʻz vaqtida Ittifoq Davlat standartlashtirish qoʻmitasining “Standartlashtirishdagi xizmatlari uchun”, Oʻzdavstandartning “Oʻzdavstandart aʼlochisi”, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha davlatlararo kengashdagi xizmatlari uchun nishoni, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha davlatlararo kengash faxriysi va hokazolar.

Faxrli ustozimiz bugungi kunda standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimidagi yetakchilarning yarmini professional mahorat choʻqqisiga olib chiqqan haqiqiy ustoz hisoblanadi. U – sohada yuqori darajadagi mutaxassis boʻlib, “"Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlash toʻgʻrisida”gi, “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlarini ishlab chiqqan va yana sohaga doir bir qator Qonunlar joriy etilishida ishtirok etgan qatnashgan.

Shuningdek, 10 dan ortiq Davlatlararo standartlar, 10 dan ortiq reglamentlar, 100 dan ortiq Davlat standartlari va koʻplab tashkilot standartlarini joriy qilgan.

Gennadiy Klimushin shuncha ish tajribasiga ega ekanligiga qaramay sohani chuqur oʻrganish va oʻz ustida ishlashga alohida eʼtibor berib kelayotgan tajribali ustoz murabbiylardan biridir.

Hozirda uning 100 nafardan ortiq shogirdlari mamlakatimizning iqtisodiyotida muhim oʻringa ega yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarda va davlat boshqaruvi organlarida turli lavozimlarda faoliyat olib bormoqdalar. Birgina agentlik tizimining oʻzida uning qoʻl ostida kamol topgan 10 nafardan ziyod rahbar xodimlar va 50 dan ortiq mutaxassislar faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Ustozimiz Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish davlatlararo Kengashining (MGS) faxriy aʼzosi hisoblanadi.

Ustozimiz ish faoliyati davomida oʻzining ishchanligi, shijoatliligi, tashabbuskorligi, zimmasiga yuklatilgan vazifalarga sidqidildan yondoshishi va yosh xodimlariga boʻlgan munosabati bilan keng jamoaning katta hurmati va eʼtiboriga sazovor hamda shu ishlarda oʻrnak boʻlib kelmoqda.