14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi. Vatan himoyachilari kunini nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ayni vaqtda armiya saflarida oʻz burchini oʻtab qaytgan vatandoshlarimiz va ertaga xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning bayrami, deb qabul qilingan.

Ushbu kun munosabati bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizim tashkilotlarining Navoiy viloyati hududiy filiallari xodimlari ishtirokida “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” mavzusida bayram tadbiri tashkil etildi. Bayramda Sh.Mirziyoyevning Vatan himoyachilariga yuborgan tabrigi oʻqib eshittirildi. Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Sh.Mirziyoyevning Vatan himoyachilariga yoʻllagan tabrigida Qurolli Kuchlarning mardonavor mehnati eʼtibor etilib, ularning oldida turgan eng dolzarb vazifalar belgilab berildi. Yigitlarimiz ota-ona va oilasini, oʻzi yashayotgan yurt tuprogʻini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Ushbu bayramning nishonlanishi xalqimizning oʻz milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi.

Tadbir koʻtarinki kayfiyatda boʻlib oʻtdi va yigitlar oʻrtasida turli bellashuvlar oʻtkazildi. Gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Jamoaning xotin-qizlari oʻzlarining badiiy chiqishlari bilan mard yigitlarni muborakbod etdilar.