OʻzTTSA huzuridagi Oʻzbekiston milliy metrologiya institutida  Islom Karimov nomli Toshkent davlat Texnika Universitetining yetakchi olimlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda texnika fanlar doktori, professor, akademik Nodirbek Yusupbekov va Universitetning “Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish” hamda “Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” kafedralari professor-oʻqituvchilari, doktorantlari va yosh olimlari ishtirok etdilar.

Dastlab professor-oʻqituvchilar Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti laboratoriyalari, milliy etalonlar bazasi, amalga oshirilayotgan amaliy va innovatsion loyihalar, xalqaro hamkorlik bilan yaqindan tanishdilar.

 Shuningdek, suhbatda iqtisodiyot tarmogʻining hech bir turini metrologiyasiz tasavvur qilib boʻlmasligi, va institutning laboratoriya bazasi bunga javob beradigan holatda ekanligi taʼkidlandi. 

  Shuningdek, uchrashuvda respublika oliy oʻquv yurtlaridagi metrologiya va standartlashtirish boʻyicha mutaxassis chiqaruvchi kafedralar mudirlari, yetakchi olimlari ishtirokida seminar oʻtkazish, yoshlarning ilmiy maqolalar tayyorlash ishlariga  professor-oʻqituvchilarni biriktirish, “ustoz-shogird” anʼanasini har ikkala tashkilotda amalga oshirish, xodimlarning magistraturada oʻqishi, laboratoriyadagi maʼlumotlar, olinayotgan natijalar haqida oʻquv qoʻllanmalariga kiritish, soha boʻyicha doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlash va himoya qilish ishlarini jadallashtirish yuzasidan ham soʻz yuritildi.