O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi respublikamizdagi Prezident va ijod maktablari bilan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. E’tiborli tomoni shundaki, 8 ta viloyatdagi ijod maktablari bilan hamkorlik asosida bir qator ma’rifiy uchrashuv va tadbirlar o‘tkazildi.

 Kuni kecha Agentlik va O‘zbekiston milliy metrologiya instituti yoshlari Abdulla Qodiriy nomidagi Ijod maktabida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishib, iqtidorli o‘quvchilar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etdilar.

Maktabda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yana bir adabiy-badiiy kechada ishtirok etayotgan 9”A”-sinfining «Ko‘hinur» va 9”B” sinfining «Mubayyin» jamoalari Boburning hayoti va ijodi yuzasidan o‘zaro bellashuvda hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ham qatnashdilar.

Bellashuv tarzida bo‘lgan tadbirda g‘azalxonlik, g‘azal tahlili, savol-javob, shoh va shoirning hayoti asosida sahna ko‘rinishi, “Zahiriddin Muhammad Bobur jahon e’tirofida” nomli taqdimotlar qilindi.

Shuningdek, adabiy kechada toshkent amaliy fanlar universitetining dotsenti, falsafa fanlari nomzodi Abduqodir Zohidiyning “Bobur falsafiy dunyoqarashi” nomli asari taqdimoti o‘tkazildi.

Agentlik Bosh direktorining maslahatchisi N.Mamadalieva tomonidan “Ma’naviy tarbiya – milliy yuksalish kafoloti” mavzusida mahorat darsi, hamda maktab rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.