Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Binobarin, Agentlik tizimi, xususan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan ham xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning og‘irini yengil qilish, qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘tgan yillar davomida salmoqli ishlar qilinib kelinyapti. Kuni kecha institut xotin-qizlari uchun o‘tkazilgan “Xotin-qizlarning shaxsiy samaradorligini oshirishda self-menejment” mavzusidagi seminar trening ham fikrimizning isbotidir.

Ma’lumki, «self» - bu» o‘z shaxsiyati», «o‘zi, shaxsan», ya’ni, o‘z-o‘zini boshqarish - bu o‘zini boshqarish ma’nosini ifodalaydi. Ushbu yo‘nalish bir vaqtning o‘zida yaxlitlik va ko‘p qirrali o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi.

Sotsiologiya fanlari doktori, professor Mavluda G‘afforova tomonidan interaktiv asosda o‘tkazilgan seminarda shaxsiy boshqaruvni qurish va rivojlantirishda muvaffaqiyatli menejerning kamida beshta aniq ajralib turadigan ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni amalda majburiy qo‘llash zarurligi yuzasidan o‘yinlarga asoslangan qiziqiiarli seminar olib borildi. Bu beshta mahorat - to‘g‘ri rejalashtirish mahorati, biznes muzokaralari mahorati, vaqtni boshqarish qobiliyati, yetakchilik mahorati o‘z-o‘zini rag‘batlantirish mahoratini qanday shakllantirish va uni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.