Texnik jihatdan tartibga solish agentligida  yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini  takomillashtirish maqsadida “Vatan mening taqdirimda” mavzusida ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda  ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik, Turon Fanlar akademiyasi akademigi Zokirjon Almatov, yuridik fanlari doktori, professor,  ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi a’zosi Abdug‘afur Sattarov va O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’dievlar ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar Agentlik tizimidagi O‘zbekiston milliy metrologiya institutining ilm-fanga asoslangan markaziy osiyoda yagona innovatsion laboratoriyalari majmui – milliy etalonlar bazasi faoliyati bilan tanishdilar. 
Shuningdek ma’rifiy uchrashuv davomida Zokir Almatovning “Ortda qolgan tahlikali kunlar” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng “Izchil demokratik islohotlar jarayonida yoshlarning ma’naviy mezonlari” mavzusida mehmonlarning ma’ruzalari tinglandi.
Uchrashuvda yoshlarga berilayotgan e’tibor, ularni ilmiy izlanishlarga jalb qilish, jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lishlari  borasida elimiz ardog‘idagi san’atkor Yodgor Sa’diev o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.