Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashabbusi bilan 15-19 may kunlari Bolgariya, Xitoy, Hindiston, Chexiya va Latviya davlatlari ekspertlari bilan soha yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Bolgariyaning  “Dedal – Attestation and Certification” Ltd. muvofiqlikni baholash idorasi ekspertlari va “Techno Cable Group” korxonasi  bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kabel maxsulotlarini Yevropa Ittifoqiga eksport qilishdagi talablar, SE markirovkasi olish jarayonlari bo‘yicha fikr almashildi. Tadbir yakuniga ko‘ra muvofiqlikni baholash sohasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishildi.

Xitoyning Jiangsu Inspection and Quarantine Institute of Quality (JSIQ) korxonasi bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot natijasiga ko‘ra joriy yilning 23 may - 6 iyun kunlari “Seminar on Food and Agricultural Products Standardization for developing countries” mavzusidagi onlayn seminar o‘tkazishga kelishildi.

  Chexiya Standartlashtirish, metrologiya va davlat sinovlari boshqarmasi (UNMZ) vakillari bilan hamkorlik dasturi loyihasi bo‘yicha muloqot olib bordi. Unda  loyihani sifatli va o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish borasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishildi.

Saudiya standartlari, metrologiya va sifat tashkiloti (SASO) bilan xalkaro tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muloqot bo‘lib o‘tdi. Natijaga ko‘ra hamkorlik dasturi loyihasi yuzasidan fikr va mulohaza, takliflar ishlab chiqishga kelishildi.

 Latviya Standartlar instituti (LVS) ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari va erishilgan kelishuvlarning amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.