Agentlik binosida Islom Karimov nomli Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida ta’lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash maqsadida “O‘quv va amaliyot” xonasi tashkil etilgan edi.

Bugun agentlik mas’ullari, Toshkent davlat texnika universitetining “Elektronika va avtomatika” fakultetida bo‘lib, universitet prorektori Orifjon Zaripov, “Metrologiya, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” kafedrasining professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tkazildi.

Uchrashuvda soha mutaxassislari va kafedra o‘rtasida o‘quv rejalarini qayta ko‘rib chiqan holda talabalarning o‘quv amaliyot sifatini takomillashtirish, kafedraning professor-o‘qituvchilari hamkorligida ilmiy tadqiqotlar olib borish, tayyorlangan ilmiy ishlarni xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritish (Scopus, Web of sciyence va boshqalar), hamda monografiyalar, o‘quv qo‘llanma va darsliklar ko‘rinishida chop etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Shu bilan birga universiteting iqtidorli talabalarini tanlov asosida ishga qabul qilish, kafedra professor-o‘qituvchilarini institutning ma’lumotlar resurslaridan foydalanishlarida va mavjud laboratoriyalar bazasidan foydalangan holda ilmiy ishlar bilan bog‘liq nazariy va eksperimental izlanishlarni olib borishlarida amaliy yordam ko‘rsatish hamda o‘qituvchilarni metrologiya  yo‘nalishida malakalarini oshirishga kelishib olindi.