Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya o‘quv-ilmiy markazi hamda Ibn Sino jamoat fondi hamkorligida to‘g‘ri ovqatlanishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. 

Unda diyetolog-mutaxassislar, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib etuvchi umumiy amaliyot shifokorlari, professor-o‘qituvchilar, magistrlar, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonalari xodimlari ishtirok etdi. 

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori L.To‘ychiyev, ushbu akademiya huzuridagi Respublika diyetologiya o‘quv-ilmiy markazi direktori Sh.Zokirxo‘jayev, Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi N.Mahmudov va boshqalar xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, hayot farovonligini yuksaltirish, aholi salomatligi haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, millat genofondini yanada sog‘lomlashtirish masalalari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-apreldagi "O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi hamda 2015-yil 29-avgustdagi 2015-2020-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash konsepsiyasini va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlari aholi sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, tibbiyot talablariga muvofiq to‘g‘ri ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlaydigan sharoitlar yaratishga oid chora-tadbirlar qamrovini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Xalqimizni sifatli, ekologik jihatdan toza va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi sog‘lom turmush tarzining asosi sifatida to‘g‘ri ovqatlanishga doir keng tushuntirish ishlari olib borish, bunda media tuzilmalardan faol foydalangan holda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish masalalari bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga oid amaliy chora-tadbirlar shular jumlasidandir. 

Shu bilan birga, sifat va xavfsizlikka qo‘yiladigan talablarga muvofiq oziq-ovqat xomashyosining asosiy turlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirish, almashtirib bo‘lmaydigan komponentlar bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari va bolalar ovqatlanishi uchun ixtisoslashtirilgan mahsulotlar, parhezli (davolash va profilaktik) oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

Sog‘liqni saqlash tarmoqlari mutaxassislari va aholining turli guruhlari uchun to‘g‘ri va parhezli ovqatlanish masalalari bo‘yicha samarali metodikalar, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, joriy etish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mutaxassislar, bakalavrlar, magistrlar va klinik ordinatorlarni o‘qitish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. 

Diyetolog mutaxassislarning fikricha, parhezlarning o‘zi bir necha turga bo‘linib, ularni oqilona qo‘llash kasalliklarning o‘z vaqtida oldini olish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi. Noratsional ovqatlanish oqibatida yuzaga keladigan qandli diabet, ateroskleroz, yurak-qon tomir, ortiqcha vazn, buyrak va hazm a’zolari kasalliklarini davolashda ilmiy yondashgan holda parhez taomnomalar yaratish maqsadga muvofiqdir. 

Seminarda davolash-profilaktika muassasalarida parhez ovqatlanishni tashkil etish, ovqatlanishning ozuqaviy va biologik qiymatini ta’minlash asoslari, tana ortiqcha vaznini parhez usulida korreksiya qilish va boshqa mavzularda ma’ruzalar eshitildi va muhokama etildi.