Matbuot anjumanida jurnalistlar uchun Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Texnik jihatidan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorning mazmun-mohiyati xususida ma’lumot berildi.
-Respublikamizda yangi ishga tushirilayotgan ishlab chiqarish quvvatlari va investitsiya loyihalarini qisqa muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida loyiha tashabbuskorlari uchun bojxona rasmiylashtiruvida sertifikatlashtirish jarayonlarini soddalashtirish – qabul qilingan Qarorning asosiy mohiyatini tashkil qiladi.

Jumladan
– xususiy biznesni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan, texnika va texnologik uskunalarni, butlovchi va ehtiyot qismlarni, shuningdek ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etilgani, (xorijiy muvofiqlik sertifikatlari yoki sinov bayonnomalari taqdim etilganda);
– o‘lchash vositalarini xorijiy davlatlarning sertifikatlari asosida respublikamizga olib kirishga ruxsat berilgani;
– aynan bir turdagi mahsulotni ijobiy sinov natijalarini qabul qilgan holda, takrorlovchi sinovlardan o‘tkazilishi ta’qiqlandi.

Bu o‘z navbatida tadbirkorlik sub’ektlari uchun bojxona rasmiylashtiruvida sertifikatlashtirish uchun talab etiladigan muddat o‘rtacha 20 kundan 2 kungacha qisqartiriladi.

- Milliy standartlarning uyg‘unlashganlik darajasini keskin oshirishni nazarda tutuvchi maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlanib, 2021 yilga qadar bu ko‘rsatgichni 47 foizga yetkazish belgilangan. Bu degani, 2 yil ichida qariyb 7 mingta hujjatlar qayta ko‘rib chiqilishi lozim. (taqqoslash uchun, so‘nggi o‘n yil ichida 3,5 mingta standart qabul qilingan.)

Sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2021 yil yakuniga qadar xalqaro standartlarning ulushi oziq-ovqat sanoatida 82,5 foizga, to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoatida 67,3 foizga, qurilishda esa ikki barobarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumani davomida, OAV lari e’tiboriga “O‘zstandart” agentligi tizimida tashkil etilayotgan Departament zimmasiga tadbirkorlik sub’ektlariga standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonun hujjatlari talablariga amal qilinishini ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatish vazifalari yuklatilgani ham ma’lumot o‘rnida aytib o‘tildi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Qaror iqtisodiyotimizni bugungi kundagi jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, mahalliy mahsulotlarimizning sifati va raqobatbardoshligini oshirish orqali eksport geografiyasini kengaytirish, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuv so‘nggida jurnalistlarning boshqa savollariga ham javob berildi.