9 iyun - Jahon akkreditatsiya kuni, 2008 yildan boshlab xalqaro hamjamiyat tomonidan keng nishonlanadi. Ushbu sana 2007 yilning 30 oktyabrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiyalash hamkorligi (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumining (IAF) qo‘shma Bosh assambleyasining yig‘ilishida ta’sis etilgan.
Har yili ILAC va IAF tashabbusi bilan jahon akkreditatsiya kuni tashqi savdo, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy rivojlanish va atrof – muhitni himoyalash kabi sohalariga oid mavzularga bag‘ishlab o‘tkaziladi. Aynan shu an’anaga tayanib, bu yilgi mavzu – “Akkreditatsiya: Oziq-ovqat xavfsizligini oshirish” deb belgilandi.
Jahon statistikaga ko‘ra, oziq-ovqatdan kelib chiqadigan kasalliklar tufayli yiliga deyarli 600 million kishi kasallanadi va 420 ming kishi erta vafot etadi. Ayniqsa, oziq-ovqatdan kelib chiquvchi kasalliklar natijasidagi o‘limning 30 foizi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga to‘g‘ri kelishini alohida inobatga olish kerak.
Shu sabab, iste’mol qiladigan mahsulotlarimizning xavfsiz va yuqori sifatli ekanligiga ishonch hosil qilish har birimiz uchun muhimdir. Ammo, bu mahsulotning xavfsizligi va sifati nafaqat ishlab chiqarish korxonasidagi yangi asbob-uskuna va zamonaviy texnologiyalarga, balki mahsulotning belgilangan talablarga mos kelishini tekshirish, ya’ni mahsulot sifatini nazorat qilish jarayoniga ham bog‘liq. Buning uchun mahsulotning namunalari maxsus sinov laboratoriyalarida me’yoriy hujjatlar talablariga mos kelishini aniqlashda sinovdan o‘tkaziladi.
Respublikamiz milliy akkreditatsiya tizimida 462ta sinov laboratoriya, 64ta mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish idoralari, 18 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi, 14 ta inspeksiya organlari va 80 dan ortiq metrologiya xizmatlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda o‘taziladigan sinovlar va rasmiylashtiriladigan muvofiqlik sertifikatlariga ishonchiligini ta’milash yuzasidan bir necha yildan beri akkreditatsiya tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish va mavjud jarayonlarni xalqaro talablariga uyg‘unlashtirish ishlari olib bormoqda.
«O‘zstandart» agentligi tizimida muvofiqlikni baholash idoralarini akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi maxsus vakolatli idora hisoblangan Akkreditatsiya markazi tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda Akkreditatsiya bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligida (ARAS) muxbir a’zo hisoblanadi.
2020 yilning 17 aprelidan e’tiboran Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya hamkorligida Markaz o‘z a’zolik maqomini yana bir pog‘onaga ko‘tarilishiga erishdi. Mazkur xalqaro tashkilot doirasida a’zolik maqomini ko‘tarish jarayonida da’vogar idora sifatida Markaz va milliy akkreditatsiya tizimi bir qator talab va xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat ko‘rsatayotganligini ILAC Boshqaruv qo‘mitasiga namoyish qilishga muvoffaq bo‘ldi. O‘zbekistondagi amaldagi milliy akkreditatsiya tizimi ILAC tomonidan tan olingan holda Markazga “ILAC Associate Member” (ILAC tashkilotiga muhbir a’zo) maqomini berdi.
Akkreditatsiya markazi yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, muvofiqlikni baholash idoralari va metrologiya xizmatlarining kompetentligini baholash ishlari olib bormoqda. Manfaatdor tomonlar uchun Markaz faoliyati, akkreditatsiya jarayoni va muvofiqlikni baholash idoralari to‘g‘risidagi zarur axborotni www.akkred.uz rasmiy veb sayti orqali erkin olish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, Markaz faoliyati iste’molchilarga yetkazib beriladigan mahsulotlar xavfsizligi va sifatini oshirish hamda mahalliy mahsulotlar eksportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bugungi kunda Belorussiya davlat akkreditatsiya markazi, Turkiya akkreditatsiya agentligi, Koreya akkreditatsiya kengashi, Qozog‘iston Respublikasi milliy akkreditatsiya markazi, Birlashgan Arab Amirligi milliy akkreditatsiya tizimi bilan hamkorlik Bitimlari imzolandi.
Kelgusida Akkreditatsiya markazining vazifalari mavjud bitimlar va xalqaro loyihalar doirasi ishlarishi jadal davom ettirish, Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish va xalqaro talablarga muvofiq xizmatlar ko‘rsatish, akkreditatsiya sohasidagi mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning maxsus Qo‘mitalarida faol ishtirok etish orqali milliy tizimda egallangan yutuqlar bilan xalqaro hamjamiyatni tanishtirishdir.