Oʻzbekiston milliy matbuot markazida Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan matubot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlariga institutda metrologik xizmatlar koʻrsatish va meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish, ilmiy loyihalarni tatbiq etish, axborot kommunikatsiya texnologiyalari hamda 2021-yilning 6 oyi davomida bajarilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Taʼkidlanishicha, institut Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro tarozi va oʻlchovlar byurosi Bosh konferensiyaga assotsiyalashgan aʼzo maqomini olgan. Bu Milliy oʻlchash etalonlari hamda milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va oʻlchash sertifikatlarining oʻzaro eʼtirof etilishi toʻgʻrisida kelishuv (CIPM MRA) imzolanishiga omil boʻldi.
Bu bilan tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan oʻlchash vositalariga bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida muvofiqlik sertifikatini olish sharti bilan rasmiylashtirish hamda ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan oʻlchash vositalariga berilgan xorijiy davlatlar metrologiya organlarining kalibrlash sertifikatlari bir kun muddatda tan olish tartibi joriy etildi.
Metrologiya tekshiruvidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxati tasdiqlandi va oʻlchash vositalarning roʻyxati
366 tadan 316 taga (13 %) qisqartirilib, 119 tasi (37,6 %) ixtiyoriy ravishda kalibrlanadigan oʻlchash vositalar turkumiga kiritildi.
Energiya manbalarini hisobga olish priborlarini qiyoslash faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Murojaatlarni qabul qilish uchun “metrologiya.nim.uz” axborot tizimi “yagona interaktiv davlat xizmatlari portali”ga integratsiya qilinib, hozirgi kunga qadar 240,1 mingta qiyoslash sertifikatlari elektron ravishda rasmiylashtirildi.
“Raqamli Oʻzbekiston – 2030” doirasida “Ye-Metrologiya” axborot tizimi ishlab chiqilib, joriy yil 1-iyuldan ishga tushirildi. Bu ishbilarmon va tadbirkorlar uchun yana bir muhim qulaylik boʻldi.
Joriy yil yanvar-iyun holatiga 297 043 dona oʻlchash vositalari (shulardan
4 396 dona oʻlchash vositasi yaroqsiz deb topilgan) metrologik tekshiruvdan oʻtkazildi.
Koʻrsatilgan metrologik xizmatlardan 281 305 dona qiyoslash, 11 937 dona attestatsiya va 3 801 dona kalibrlash ishlarini tashkil etadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning 114 248 ta murojaatlariga asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini qiyoslash ishlari amalga oshirildi.