Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimidagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligidan 8 nafar malakali xodimlar viloyatlardagi tumanlarga hokim yordamchilari sifatida biriktirilib, oʻz faoliyatlarini samarali boshladilar.

Agentlik tizimidan tavsiya etilgan hokim yordamchilarining faoliyati samaradorligi indeksi (KPI) natijalari eʼlon qilindi va unga koʻra 2 nafar hokim yordamchisi yuqori koʻrsatkichlar bilan 1-oʻrinni egalladi. Yaqinda Agentlik Bosh direktori D.Sattarov Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan xizmat safarida Qonlikoʻl tumaniga hokim yordamchisi sifatida yuborilgan Temur Yusupov bilan suhbatlashdi, yashash sharoiti bilan tanishib, tumandagi xonadonlarga kirib, aholi bilan suhbatlashgan edi.

Shuningdek, Bosh direktor maslahatchisi N.Mamadaliyeva ular bilan videokonferensiya orqali hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan qoʻlga kiritayotgan yutuqlari, xalqning kayfiyati va kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashdi.

Suhbat davomida ushbu lavozimning joriy etilishi aholi bilan yaqindan ishlash tizimi ularga katta tajriba va koʻnikma berayotgani, shu bilan bir qatorda muammoli oilalarga yaqinda yordam berish, ishsizlarni ish bilan taʼminlash, kasbga yoʻnaltirish, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab quvvatlash va amaliy yordam berish orqali katta maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat yuritishayotgani alohida taʼkidlandi.