O‘zbekiston Respublikasining OʻRQ–773-son Qonuni bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Soliq kodekslariga oʻzgartirishlar kiritildi.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra koʻp kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish  mansabdor shaxslarga BHMning 15 baravari (4 mln 500 ming soʻm) miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Koʻp kvartirali uylardagi tayanch va (yoki) toʻsiq konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish, shu jumladan koʻp kvartirali uylarda va koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarida oʻzboshimchalik bilan imoratlar (inshootlar) qurish ishlarini amalga oshirish:
-    fuqarolarga BHMning 30 baravarigacha (9 mln soʻmgacha);
-    mansabdor shaxslarga 50 baravarigacha (15 mln soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu huquqbuzarlikni (toʻsiq konstruksiyalarga oid qismida) birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u koʻp kvartirali uydagi toʻsiq konstruksiyalarning amalga oshirilgan oʻzgartirilishini yoki ularni rekonstruksiya qilish tufayli yoʻl qoʻyilgan buzilishlarni, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni (inshootlarni), shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:
-    boshqaruvchi tashkilotlar yoki koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar hamda bajarilayotgan ishlar boʻyicha aylanma soliq solishdan ozod etiladi;
-    bu boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlardan hamda bajarilgan ishlardan olingan mablagʻlar soliqqa tortilmaydi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasining
OʻRQ–773-son Qonuni, 31.05.2022 y.