Agentlik masʼullari va Buxoro viloyati hududiy boʻlinma xodimlari Buxoro shahrida joylashgan “Malika Sulton” zardoʻzlik va hunarmandchilik markazi hamda “Usta Davron Toshev miniatyura markazi” hunarmandlar faoliyati bilan tanishdilar.
Tadbirkor va hunarmand zardoʻz Mahfuza Salimova tomonidan tashkil etilgan “Malika Sulton” zardoʻzlik va hunarmandchilik markazi zardoʻzlik ustaxonasi, ushbu mahsulotlarning tarixiy va zamonaviy sara namunalari muzey-galereyasidan iborat. Mazkur dargohda 60 nafar usta zardoʻz, 40 nafarga yaqin shogirdlar ish bilan taʼminlangan.
Buxorolik hunarmand Davron Toshev qadimiy texnologiya – qoʻl bosma uslubi asosida Buxoro ipak qogʻozi tayyorlashni yoʻlga qoʻygan. Hozirda “Usta Davron Toshev miniatyura markazi”da 20 nafardan ortiq hunarmand va shogirdlar ishlaydi.
Uchrashuv davomida mahsulotlar uchun milliy brend mavqeini olish, markazlarni sayyohlar uchun yaratiladigan Oʻzbekiston boʻylab sayohat turizm xaritasi dasturiga kiritish, mahsulotlar targʻibotini tashkil qilish maqsadida elektron portal yaratish, har bir mahsulotning nomidan boshlab uning tarixi, bugungi kungacha saqlanib qolgan turlari haqida maʼlumot beruvchi “Mahsulot pasport”larini yaratish masalalari muhokama qilindi.