"Jizzax" erkin iqtisodiy zonasi – yirik sanoat markazi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda yanada qulay investitsiya muhiti yaratish, imkoniyatlar va imtiyozlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Ushbu hujjat asosida mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar yagona nomda yuritilishi, imkoniyat va imtiyozlar borasida bir xillik yuzaga keltirilishi xorijiy hamda mahalliy investorlarni jalb etish, sanoatni rivojlantirish samaradorligini yanada oshirishda katta ahamiyatga ega. 

Farmonga muvofiq, soliq va bojxona to‘lovlari uchun belgilangan imtiyozlar hamda xomashyo va butlovchi qismlar boj to‘lovlaridan ozod etilishi “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida ham sanoat ishlab chiqarishini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Birinchi Prezidentimizning 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan maxsus hududda o‘tgan qisqa muddatda 19 zamonaviy korxona ishga tushirildi. Iqtisodiy zonaning Jizzax shahridagi hududida 363,7 gektar maydonda 14, Sirdaryo viloyatidagi filialining 150 gektar maydonida 5 loyihani amalga oshirish uchun 91,3 million dollar miqdorida investitsiya sarflandi. Zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan korxonalarda mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Doimiy ish o‘rniga ega bo‘lganlarning 60 foizi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir. 

O‘tgan yili erkin iqtisodiy zonada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 255,2 milliard so‘mni, eksport hajmi 11,9 million dollarni tashkil etdi. 

Hozirgi kunda hududda avtomobillar va yuk mashinalari uchun tormoz kolodkalari, televizor, konditsioner, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, mikroto‘lqinli pech, svetodiodli lampalar, polipropilen iplar, video va IP telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari, internet tezligini oshiruvchi butlovchi qismlar kabi turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlarning aksariyati nafaqat Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, balki mamlakatimizdagi boshqa bozorlar uchun ham yangilikdir. 

Erkin iqtisodiy zonada soliq, bojxona va boshqa to‘lovlarda belgilangan imtiyozlar bilan birga, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan muhandislik infratuzilma inshootlari barpo etilgani ham sarmoyadorlarni o‘ziga jalb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2013-yil 1-iyulda qabul qilingan maxsus dasturga muvofiq, o‘tgan davrda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasiga olib boruvchi 12 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlandi, 5,7 kilometr suv tarmog‘i, 8 kilometr gaz quvuri yotqizildi. 2016-yilda 7 kilometr ichki avtomobil yo‘li, 4,6 kilometr elektr tarmog‘i qurildi va ta’mirlandi. 

Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari tomonidan korxonalar qurilishi uchun yer uchastkalarining o‘z vaqtida ajratilishi hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanish uchun barcha zarur ruxsatnomalar “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha berilishi tadbirkorlarga katta qulaylik tug‘dirmoqda. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yuqorida zikr etilgan farmoni hududda ishlayotgan, ishlash niyatida bo‘lgan xorijlik hamda mahalliy tadbirkorlarning o‘z faoliyati istiqboliga ishonchini yanada mustahkamladi, – deydi Jizzax viloyati hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal-xo‘jalik masalalari kotibiyati mudiri Sh.Jo‘rayev. – Farmon asosida erkin iqtisodiy hududda soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar yanada kengaytirilgani, bu yerda yaratilgan muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma sharoitlari, tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatishning jadal taraqqiy etayotgani investorlarni tobora ko‘proq jalb etmoqda. 

Erkin iqtisodiy zona uchun yaratilgan bunday qulaylik va imkoniyatlar, ayniqsa, xitoylik sarmoyadorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. 2016-yil dekabr oyida o‘tkazilgan biznes-forum doirasida xitoylik va jizzaxlik ishbilarmonlar 10 loyiha bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishib, memorandumlar imzoladi. 

Ayni paytda erkin iqtisodiy zona ma’muriy kengashi xorijiy va mahalliy investorlar bilan dastlabki qiymati 213,3 million dollar bo‘lgan 25 loyihani amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida yiliga 24 million kvadrat metr oyna ishlab chiqarish quvvatiga ega “Mingyuan Si Lu Industry” xorijiy korxonasining birinchi navbati ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Xitoylik sarmoyadorlarning 109,7 million dollarlik investitsiyasi hisobidan barpo etilayotgan ushbu yangi korxona to‘liq ishga tushirilishi bilan 391 yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Manba:www.uza.uz