Joriy yilning 2 aprel kuni Standartlashtirish, metrologiya sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida, Qandolatchilikni rivojlantirish Assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi muzqaymoq ishlab chiqaruvchi korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining yaroqlilik muddatini 3 oydan 18 oygacha uzaytirish masalasiga bog‘liq tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha Epspert kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda, bugungi kunda mahalliy muzqaymoq ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini eksportini yo‘lga qo‘yishda uning yaroqlilik muddatini uzaytirish bo‘yicha muammolarga duch kelayotganliklarini bildirishdi.

Mutaxassislar agar belgilangan texnologik jarayonlarga amal qilinib, sifatli xom-ashyolardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan muzqaymoq mahsulotini tegishli sharoitda saqlansa, 18 oydan 24 oygacha o‘z sifatini yo‘qotmasligini ta’kidlab o‘tishdi.

Yig‘ilish so‘ngida ekspertlar kengashi tomonidan muzqaymoq texnikaviy shartlar davlat standartiga o‘zgartirishlar kiritish uchun takliflar tayyorlashga kelishib olindi.