O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi, “O‘zstandart” agentligi va Qurilish vazirligi hamkorligida Yevropa standartlashtirish tashkiloti (CEN) vakillari janob Ashok Ganesh va Erik Marchand bilan videokonferensiya tashkil etildi.
O‘tkazilgan muloqotda bugungi kunda qurilish sohasi uchun zarur bo‘lgan yevropa standartlari va ularning o‘rni, standartlar savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishda va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim bo‘g‘in ekanligi, mamlakatimizda qurilish sohasida olib borilayotgan yangi islohotlar zamirida yevropa va xalqaro standartlariga mos keladigan sifat infratuzilmasini yaratish, qurilayotgan yangi turdagi binolarni jahon andozalariga mos ravishda qurish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xalqaro bozorda salohiyatini oshirish, innovatsiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlashda Yevropa Ittifoqining texnik ko‘magini olish masalalariga urg‘u berildi.
Uchrashuvda “O‘zstandart” agentligi va Yevropa Standartlashtirish Tashkiloti (CEN) o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolanganligi alohida, qayd etilib, imzolangan hujjat Yevropa Standartlashtirish Tashkiloti (CEN) standartlarini olish va ulardan keng foydalanish imkoniyati yaratilishi ta’kidlab o‘tildi.
Onlayn muloqot natijalariga ko‘ra, yevropa standartlarni samarali joriy etish yuzasidan Yevropa Standartlashtirish Tashkiloti (CEN)ning texnik ekspertlari bilan onlayn uchrashuvlar tashkil etish va keng ko‘lamli doimiy hamkorlik qilishga kelishib olindi.