Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan Surxondaryo viloyati termiz tumanidagi “SURXON KERAMIKS”, va “TANOVAR SURXON” korxonalari masʼullari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Unda xorijlik sarmoyadorlar taʼsisligida tashil etilgan “SURXON KERAMIKS” korxonasida ishlab chiqarilayotgan keramik plitka, oʻtga chidamli gʻisht mahsulotlarning texnik koʻrsatgichlari hamda sifatini xalqaro darajaga olib chiqish, tashqi koʻrinishi boʻyicha dizayni, mahsulotni tamgʻalashda standart talablariga eʼtibor berish va xalqaro ISO standartlari asosida sifat menejment tizimlarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar berilib, korxona masʼullariga yangi turdagi gʻisht mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan mertel xomashyosini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilayotganligi sababli, ushbu mahsulotlarning muvofiqligini baholash yuzasidan amaliy yordam koʻrsatishga kelishib olindi.

Shuningdek, “TANOVAR SURXON” MCHJ tomonidan 150 gektar yer maydonga issiqxona tashkil qilish rajalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda 10 gektar yer maydonida issiqxona tashkil etilgan. Issiqxonada pomidor, bulgʻor qalampir, baqlajon va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Jamiyat tomonidan qoʻshimcha yer maydonlariga namuna tariqasida Ispaniya tajribasi (netxause) asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan pomidor, bulgʻor qalampiri yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan.

Yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chet davlatlarga eksport qilishni kengaytirish maqsadida standart talablariga eʼtibor berish va xalqaro ISO 9001 va GLOBALGAP standartlari asosida sifat menejment tizimlarini joriy etish boʻyicha tegishli tavsiyalar, shuningdek, hukumatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar xaqida maʼlumot berildi.