O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi hamkorligida Texnik jixatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, Savdo sanoat palatasi raisi Davron Vahabov Turkiya poytaxti Anqara shahrida Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli o‘g‘li bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda joriy yilning iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi Biznes-forumi tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi so‘nggi 5 yilda 1,5 barobarga oshgani, Turkiya sarmoyasi ishtirokida 1800 ga yaqin korxonalar O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotganligi, O‘zbekiston va Turkiya rahbarlarining ikki mamlakat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘ygani alohida qayd etildi.

Rifat Hisorjiqli o‘g‘li Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari - Savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi a’zolari ustuvor loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklari hamda bu masalalarni o‘zbekistonlik sheriklar bilan Turkiyada bo‘lib o‘tadigan Biznes-forumida muhokama qilishni rejalashtirganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra Biznes forumda farmatsevtika, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, elektrotexnika va shisha mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni faol ishtirokini ta’minlashga kelishildi.

 Turkiya savdo vaziri o‘rinbosari Sezay Ucharmak bilan uchrashuv o‘tkazildi. Sezay Ucharmak O‘zbekistonda III Xalqaro investitsiya forumi yuqori saviyada o‘tkazilganligi e’tirof etdi. Turkiya va O‘zbekiston strategik hamkorlikka ega ekanligi va birgalikda hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlashimiz mumkinligi bildirdi.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish, savdo, innovatsiyalar, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.